“Tolibon” “Al-Qoida” yetakchisi o‘ldirilganiga munosabat bildirdi. Harakat AQSHdan g‘azabdami?
Olam
−
02 avgust 2022
19902“Tolibon” joriy yilning 31 iyul tongida Qo‘shma Shtatlar Qobul markazidagi turar-joy binosiga havo hujumi uyushtirgani haqidagi Amerika xabarlarini tasdiqladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Jo Bayden ma’muriyati rasmiysi jurnalistlarga Vashington vaqti bilan 30 iyul kuni soat 21:48 da Qo‘shma Shtatlar Qobuldagi xavfsiz uyga ikkita “Do‘zax olovi” raketasini otgan va “Al-Qoida” yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni o‘ldirganini aytgan. Tez orada az-Zavohiriyning o‘limi prezident Bayden tomonidan tasdiqlandi.
Rasmiyga ko‘ra, “Tolibon” bo‘lajak operatsiya haqida ogohlantirilmagan.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabiulla Mujohid “Al-Qoida” yetakchisining o‘limiga izoh bermagan. Ammo u mikroblogda “Tolibon” razvedka idoralari tomonidan olib borilgan tekshiruvlar “joriy 1444 hijriy yilning (1444 hijriy yil 29 iyul kuni boshlandi) birinchi oyining ikkinchi kunida Amerika dronlari Qobuldagi turar-joy binosiga havo hujumini amalga oshirganini yozgan.
“Tolibon” nomidan u hujumni xalqaro kelishuvlarni buzish sifatida qoralagan va bu kabi harakatlar ham Afg‘oniston, ham AQSH manfaatlariga zid ekani haqida ogohlantirgan.
Aytish joizki, “Al-Qoida” yetakchisining o‘limi e’lon qilinganidan so‘ng, Vashington rasmiylari “Tolibon” yetakchilari az-Zavohiriy Afg‘onistonda yashiringanini bilishganini aytdi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken "Tolibon"ni Dohada erishilgan kelishuvlarni buzganlikda aybladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Joy Bayden uning buyrug‘iga ko‘ra o‘tkazilgan operatsiyada "Al-Qoida" terrorchilik tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriy o‘ldirilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi