“Tolibon” AQSHga ishlagan afg‘onistonlik tarjimonni qatl qildi

Olam

image_2021-07-24_13-11-38

“Tolibon” harakati jangchilari AQSH uchun ishlagan Afg‘onistonlik tarjimon Sohail Pardisning boshini tanasidan judo qilishdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tarjimon Qobul shahri yaqinidagi nazorat punktlaridan birida hujumga uchragan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” avtomobilni to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo Pardis qochishga harakat qilgan. Keyin jangarilar tarjimonning avtomobiliga qarata o‘t ochib, uni to‘xtatgan. Ular tarjimonni avtomobildan chiqarib olgach, boshini tanasidan judo qilgan.

Xabarga ko‘ra, hodisadan sal oldin Pardis do‘stlariga uning hayoti xavf ostida va qo‘rqayotganini aytgan. Toliblar uning amerikaliklar bilan 16 oy davomida ishlaganini bilib qolgan. 

Sohail Pardis, an Afghan translator who worked for the US Army, was killed by the Taliban in May.Foto: Sohail Pardis

“Toliblar unga ayg‘oqchi va xoin ekanini hamda o‘ziga qo‘shib uning butun oilasini o‘ldirishlarini aytishdi”, deydi marhumning do‘sti.

Rus OAVga ko‘ra, shu bilan birga, “Tolibon” iyul oyi boshida Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida harakat vakillari amerikaliklar bilan ishlagan tarjimonlarni ta’qib qilmaslikka va’da bergan.

Qayd etish kerakki, AQSH hukumati Pardis kabi Amerikaga yordam bergan afg‘onistonliklar hayotidan xavotir olmoqda. Dastlab, G‘arb OAV rasmiy Vashington AQSHga yordam bergan afg‘onistonliklar uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan vaqtinchalik boshpana so‘rab, murojaat qilgani haqida yozgan edi. Ushbu davlatlardan sado chiqmadi shekilli, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, AQSH o‘ziga yordam bergan afg‘onistonliklar va ularning oila a’zolarini vaqtinchalik Kuvayt va Qatardagi harbiy bazalariga joylashtiradigan bo‘ldi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

289

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing