“Tolibon” AQSHga Afg‘onistonga qaytishni taklif qildi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSHni Afg‘onistondagi diplomatik ishtirokini qayta tiklashga va mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya kiritishga chaqirmoqda. Bu haqda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy “The New York Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Qobulda diplomatik ishtirokini saqlab qolishi hamda foydali qazilmalarni qazib olish, to‘g‘onlar va yo‘llar qurilishiga mablag‘ ajratishi mumkin.

“Biz urush bobi yopilgan deb hisoblaymiz va bundan buyon o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni hamda ijobiy hamkorlikning yangi bobini xohlaymiz”, deydi Muttaqiy.

Shu bilan birga, vazirning aytishicha, Afg‘oniston rasmiylari mamlakatda Amerika harbiy ishtiroki qayta tiklanishini istamaydi.

Biroq Vashington “Tolibon” vazirining g‘oyasini rad etgan. Xususan, AQSH Davlat departamenti “Tolibon” terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganini ma’lum qilgan. Munosabatlarning yaqinlashishiga ayollar va qizlarning ta’qib qilinishi, Amerika fuqarolarining ushlab turilishi hamda toliblarning qoldirib ketilgan Amerika qurollarini qaytarishdan bosh tortayotgani ham to‘sqinlik qilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, litiy, mis va temir ma’dani zaxiralaridan foydalanish imkoniyati AQSHning Xitoy va Rossiya bilan raqobati fonida Trampni qiziqtirishi mumkin. Biroq ular hozircha Afg‘onistonda Amerikaning to‘liq diplomatik ishtiroki qayta tiklanishini deyarli imkonsiz deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Qurolli kuchlari 2021 yil 31 avgustda Afg‘onistonni to‘liq tark etib, ushbu mamlakatdagi 20 yillik harbiy ishtirokini yakunlagan edi. AQSHning Qobuldagi elchixonasi o‘z faoliyatini 2021 yil 15 avgustda, “Tolibon” harakatining hujumi fonida Amerika diplomatlarining shoshilinch evakuatsiya qilinishi boshlanganda to‘xtatgan. Diplomatik missiya vaqtincha Qatar poytaxti Dohaga ko‘chirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing