“Tolibon” Afg‘onistondagi terrorchilik tahdidini bartaraf eta olmadi – BMT

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ISHID-X (ISHIDning Xuroson bo‘linmasi)ga qarshi operatsiyalar o‘tkazishi va boshqa jangari guruhlarni jilovlashga urinishiga qaramay, Afg‘onistondagi terrorchilik tahdidini bartaraf eta olmadi. Shuningdek, hisobotda Afg‘oniston qo‘shni mamlakatlar va Markaziy Osiyo uchun “uzoq muddatli tahdid” solishda davom etayotganidan ogohlantiriladi. Bu haqda BMT Xavfsizlik Kengashining Tahliliy qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalarni monitoring qilish guruhining yangi hisobotida so‘z boradi.

Joriy yilning 10 avgust kuni Xavfsizlik Kengashi hujjati sifatida e’lon qilingan 38-hisobotda dunyo bo‘ylab ISHID, “Al-Qoida” va ularga aloqador guruhlarga berilgan keng qamrovli baho aks etgan. Uning xulosalari asosan BMTga a’zo davlatlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va baholashlarga tayanadi hamda 9 iyungacha bo‘lgan voqealarni qamrab oladi. Unda aytilishicha, hisobot davrida Janubiy Osiyoda umumiy terrorchilik tahdidi kuchaygan.

Monitoring guruhining ta’kidlashicha, Afg‘onistonda “Tolibon”ning ISHID-Xga qarshi kurashish va boshqa guruhlarni cheklash bo‘yicha sa’y-harakatlariga qaramay, ko‘plab terrorchi guruhlar o‘z faoliyatini davom ettirish imkoniyatini saqlab qolgan.

“Hokimiyat tepasidagilar terrorchilik muammosini bartaraf eta olishmadi”, deyiladi hisobotda.

Shuningdek, hujjatda ISHID-X ham “Tolibon”, ham kengroq mintaqa uchun eng katta terrorchilik tahdidi sifatida ko‘rsatilgan. “Tolibon” va Pokistonning aksilterror operatsiyalari ushbu guruhga jiddiy zarbalar bergan bo‘lsa-da, monitoring guruhi ISHID-X qayta tiklanayotgani va ko‘plab qurbonlarga olib keladigan vaqti-vaqti bilan yirik hujumlar uyushtirish salohiyatini qaytarib olganini bildirgan.

Hisobotda aytilishicha, ISHID-Xning Afg‘oniston ichidagi hujumlari kamaygan, ammo Pokistonda ortgan. “Tolibon” operatsiyalari, ayniqsa Afg‘oniston shimolida va yirik shaharlarda, jumladan Qobulda guruhning ayrim imkoniyatlarini susaytirgan.

Biroq mintaqaviy hukumatlar ISHID-X zamonaviy taktik aloqa va harbiy jihozlarga, jumladan dronlar, tungi ko‘rish moslamalari va teplovizorlarga ega ekanini hamda uning a’zolari shahar sharoitida jang qilish va dronlardan foydalanish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tganini xabar qilgan. Guruh, shuningdek, Afg‘oniston shimoli tomon surilgani, Afg‘oniston-Pokiston chegara hududlari bo‘ylab mashg‘ulotlarni tarqatib yuborgani va Qobul atrofida o‘z ishtirokini saqlab qolgani aytiladi.

Hisobotda ISHID-X tomonidan o‘z zimmasiga olingan, Qobul markazidagi xitoy restoranida sodir etilgan va 12 kishining o‘limiga hamda 15 kishining jarohatlanishiga olib kelgan 19 yanvardagi portlash tilga olingan. Shuningdek, 10 aprel kuni Hirotdagi shialar ziyoratgohi oldida kamida 11 kishining o‘limi va 11 kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan otishma ham qayd etilgan. Ushbu hujum uchun hech bir guruh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan va hisobotda u ISHID-Xga bevosita to‘nkarilmagan bo‘lsa-da, guruhning hazora-shia jamoasini nishonga olish tarixi borligi ta’kidlangan.

THP hujumlari va “Tolibon”ning munosabati

Hisobotda Pokistonga qarshi hujumlari kuchayib borayotgani Qobul va Islomobod o‘rtasidagi keskinlikning asosiy manbaiga aylangan “Texrik-ye Talibon Pokiston” (THP) haqida ham xavotir bildirilgan.

Hisobotga ko‘ra, THP tarkibiga yana ikkita bo‘linma va “THP Harbiy-havo kuchlari” deb ta’riflangan tuzilmani o‘z ichiga olgan yangi tuzilmani e’lon qilgan. Mart oyida guruh “Xaybar operatsiyasi” deb nomlangan bahorgi hujumni e’lon qilib, Pokiston xavfsizlik kuchlari va tinch aholiga qarshi hujumlarni kuchaytirishga chaqirgan.

Monitoring guruhining aytishicha, THP Pokistonning Bajaur okrugida 11 nafar xavfsizlik xodimi va bir bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan 16 fevraldagi avtomobildagi portlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Guruh “Afg‘oniston hududidan turib harakat qilgani” xabar qilingan.

Shu bilan birga, hisobotda “Tolibon” tomonidan THP faoliyatini cheklash bo‘yicha qilingan harakatlar ham tavsiflanadi.

Monitoring guruhiga ko‘ra, “Tolibon” guruhni jilovlash maqsadida Pokiston chegarasiga yaqin hududlardan 2 000 ga yaqin THP jangarilari va ularning oilalarini Afg‘oniston ichkarisidagi hududlarga ko‘chirgan.

Hisobotda keltirilishicha, “Tolibon” yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda parda ortidagi aloqalar orqali THP rahbarlarini Pokistonga hujumlarni to‘xtatishga, aks holda “Tolibon” qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lish xavfi borligidan ogohlantirgan.

Ushbu xulosalar Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegaralararo hujumlar keskinlashgan bir paytda e’lon qilingan. Monitoring guruhi bunga THPning Pokistonga qarshi hujumlari soni ortgani sabab bo‘lganini aytgan.

“Al-Qoida”ning mavjudligi saqlanib qolmoqda

Hisobotda aytilishicha, Afg‘oniston ichida “Al-Qoida”ning mavqei va mavjudligi deyarli o‘zgarishsiz qolgan.

“Al-Qoida” Pokistonga qarshi isyonida THPga “mafkuraviy rahbarlik, ta’lim va yordam” berishda davom etdi, deydi monitoring guruhi. 28 aprel kuni “Al-Qoida”ning rasmiy media organi ham “Tolibon”ni, ham birinchi marta THPning Pokistonga qarshi operatsiyalarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, BMTga a’zo mamlakatlardan biri Afg‘onistondagi Al-Qoida instruktorlari THP jangarilari bilan birgalikda “Balujiston ozodlik armiyasi” a’zolarini ham tayyorgarlikdan o‘tkazganini xabar qildi. 

Monitoring guruhi “Hind yarim orolidagi Al-Qoida” (AQIS) bo‘yicha alohida muhim tafsilotlarni taqdim etdi.

Unga ko‘ra, AQIS tarqoq tashkilotdan mintaqaviy terrorchilik tuzilmasiga aylanmoqda, moliyaviy va logistik tarmoqlarni rivojlantirmoqda hamda kichik, markazlashmagan yacheykalar orqali harakat qilmoqda.

Uning rahbariyati Qobulda qolayotgani va ularga “tazkira” deb ataluvchi Afg‘oniston shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari berilgani aytiladi. Monitoring guruhining ta’kidlashicha, bu holat “Tolibon va AQIS o‘rtasidagi yaqin hamkorlikdan” dalolat beradi.

Hisobotda shuningdek, AQIS Pokistondagi bir nechta hujumlar uchun mas’ul bo‘lgan “Ittihod-ul-Mujohidin Pokiston” (IMP) tashkilotining o‘zagini tashkil etgani aytiladi. Ulardan biri – 9 may kuni Bannudagi xavfsizlik posti yaqinida sodir etilgan xudkushlik va avtomobildagi portlash bo‘lib, hisobotga ko‘ra, 21 kishining yostig‘ini quritgan.

Zamonaviy qurollar jangari guruhlarga yetib bormoqda

Monitoring guruhi “Tolibon” hokimiyatni egallaganidan beri Afg‘onistonda qolayotgan yirik harbiy texnika va qurol-aslaha zaxiralari bo‘yicha alohida xavotir bildirgan.

“Katta miqdordagi zamonaviy qurollar va boshqa harbiy texnikalarning mavjudligi “Tolibon” rasmiylariga qurollarni THP va boshqa guruhlarga o‘tkazishda davom etish imkonini bermoqda”, deyiladi hisobotda.

Ba’zi a’zo davlatlar monitoring guruhiga zamonaviy qurollarning, jumladan tungi ko‘rish ko‘zoynaklarining tarqalishi BMT ro‘yxatiga kiritilgan guruhlarning jangovar salohiyatini oshirganini va ularni xavfsizlik kuchlari uchun yanada xavfliroq qilganini ma’lum qilgan.

Hisobotda ISHID-Xning kimyoviy va biologik qurollarga bo‘lgan qiziqishi alohida ajratib ko‘rsatilgan.

Unda aytilishicha, “Al-Qoida” va ISHID uzoq vaqtdan beri bunday imkoniyatlarga ega bo‘lishga intilib kelgan, ammo shu paytgacha bu bilan bog‘liq texnik qiyinchiliklarni yengib o‘ta olmagan. Biroq ISHID-X alohida qiziqish bildirgan va o‘tgan yil davomida o‘ta zaharli modda bo‘lgan ritsinni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalarni tarqatgan.

Hisobotda ISHID-X ritsin yoki boshqa kimyoviy yoki biologik qurolni muvaffaqiyatli ishlab chiqqani yoki qo‘llagani aytilmagan.

Monitoring guruhi, shuningdek, ISHID-X propagandani tarjima qilish va tezkor tarqatish uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanayotganini qayd etgan. Bu jangari guruhlarning materiallarni ko‘p tillarda tarqatish bo‘yicha kengroq harakatlarining bir qismidir.

Umuman olganda, olingan xulosalar shunday xavfsizlik manzarasini tasvirlaydiki, unda “Tolibon” operatsiyalari ba’zi hududlarda ISHID-Xni zaiflashtirgan, ammo Afg‘onistondan turib harakat qilayotgan jangari guruhlarning kengroq tarmog‘ini yo‘q qila olmagan.

Monitoring guruhi alohida guruhlarning soni bo‘yicha ishonchli raqamlarni olish qiyinligini ta’kidlab, o‘z baholari imkon qadar a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi yakdil fikrni yoki turli qarashlarni aks ettirishini bildirgan.

Amu TV telekanaliga yuborgan murojaatida “Tolibon”ning bosh matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid hisobot xulosalarini rad etib, unda tilga olingan guruhlarning Afg‘onistonga aloqasi yo‘qligini va ular mamlakatda faol emasligini aytgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing