“Tolibon” Afg‘onistonda qancha “narkoman” borligini ochiqladi
Olam
−
05 yanvar 2022
10163Afg‘onistondagi giyohvandlar soni ayni damda 3,5 million kishini yoki aholining qariyb 9 foizini tashkil qiladi. Bu haqda “Tolibon” harakati tomonidan tayinlangan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdul Bari Umarga asoslanib, TACC xabar bermoqda.
“Mamlakatda 3,5 million kishi giyohvand. Ularning har biri kuniga, taxminan, 3 dollarlik giyohvand moddalarni iste’mol qiladi", degan Abdul Bari Umar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda ko‘knorini noqonuniy yetishtirish uchun foydalaniladigan yer maydoni o‘tgan yilga nisbatan 37 foizga oshgan. Jahon afyunini ishlab chiqarishning 85 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelgan, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6-11 foizini tashkil qiladi.
1996 – 2001 yillarda hokimyat tepasiga kelgan “Tolibon”ning asosiy daromad manbai giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabandadan iborat bo‘lgan. UNODC hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘sha yillarda “Tolibon” giyohvand moddalar biznesidan yiliga 400 million dollar daromad qilgan. Ammo, toliblar 2000-yillarda xalqaro hamjamiyat tan olishiga erishgach, ko‘knor yetishtirishni taqiqlab qo‘ydi. Dalalar butkul vayron qilindi. Giyohvand moddalar savdosi ham keskin kamaydi. Biroq, AQSH Afg‘onistonga harbiylarini kiritgan yillardan boshlab afyun, geroin va metamfetamin savdosi yana gullab-yashnadi.
Xususan, 2021 yilda Afg‘onistonda afyun yetishtirish hajmi 8 foizga o‘sib, 6,8 ming tonnaga yetdi. BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi dunyo bo‘ylab bozorlarga bu o‘sish natijasida 320 tonna sof geroin kirishini ta’kidlagan.
Avvalroq, Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan "Tolibon" harakati mamlakatda giyohvand moddaga qarshi kurash boshlagani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi