Giyohvand moddalar, soliqlar va sirli homiylar. “Tolibon” milliardlarni qayerdan olmoqda?
Tahlil
−
31 avgust 2021
29326Joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati mamlakat iqtisodiyotini ham o‘z nazoratiga oldi. Harakat tasarrufidagi hududlarda aholiga transport kompaniyalari va uyali aloqa operatorlari xizmatidan foydalanishi uchun soliq joriy qildi, chet eldagi homiylardan pul oldi. Ayni paytda “Tolibon”ning umumiy daromadi bir yarim milliard dollardan oshgan. Xo‘sh, bu pullar davlat xazinasini to‘ldirish uchun yetarli bo‘ladimi? Ular milliardlarni qayerdan olyapti? Bu haqda RIA Novosti tadqiqot o‘tkazdi.
Ma’lumki, shu vaqtgacha Afg‘oniston asosiy daromadni giyohvand moddalar savdosidan olgan. Hattoki, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) Afg‘onistonni dunyodagi eng yirik afyun ishlab chiqaruvchi davlatlar qatoriga kiritgan. O‘tgan yili esa ushbu mamlakatdagi ko‘knor yig‘imi 37 foizga oshdi.
UNODC hisob-kitoblariga ko‘ra, 1996–2001 yillarda “Tolibon” giyohvand moddalar biznesidan yiliga 400 million dollar daromad qilgan. Ammo, toliblar 2000-yillarda xalqaro hamjamiyat tan olishiga erishgach, ko‘knor yetishtirishni taqiqlab qo‘ydi. Dalalar butkul vayron qilindi. Giyohvand moddalar savdosi ham keskin kamaydi. Biroq, AQSH Afg‘onistonga harbiylarini kiritgan yillardan boshlab afyun, geroin va metamfetamin savdosi yana gullab-yashnadi.
Ko‘knor yetishtirishni taqiqlagan “Tolibon” daromadni qayerdan olyapti?
“Afg‘oniston endi afyun yetishtiradigan mamlakat emas. Giyohvand moddalarni o‘stirish va ishlab chiqarish taqiqlanadi, kontrabanda bo‘lmaydi”, degan edi yaqinda “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid.
Harakat yetakchilaridan biri mulla Umarning o‘g‘li mulla Muhammad Yoqub toliblarni pul topishning boshqa yo‘llarini izlashga chaqirdi. Shu maqsadda ular mineral resurslarga boy hududlarni egallay boshladi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston mis, boksit, temir rudasi, marmar, litium, oltin kabi qimmatbaho foydali qazilmalarga boy. Bularning barchasi bir necha trillion dollarga baholangan. Ayni vaqtda ushbu qazilmalar mamlakatga yiliga atigi 460 million dollardan ko‘proq daromad keltirmoqda, xolos. “The Financial Times” ma’lumotlariga ko‘ra, xaridorlar asosan Xitoy, Pokiston va BAAdan kelgan xususiy kompaniyalardir.
May oyida BMT “Tolibon”ning yillik daromadi 300 milliondan 1,6 milliard dollargacha bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Qayd etilishicha, ular o‘tgan yili soliqlardan 160 million dollar foyda qilgan.
Hozirda toliblar yuklar uchun tranzit yo‘lak tashkillashtirib, o‘lpon joriy qilgan. Yoqilg‘i, sigaret, oziq-ovqat, dori-darmon va eng zarur narsalarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, transport kompaniyalari, uyali aloqa operatorlariga o‘lpon joriy qildi. Birgina elektr energiyasi uchun to‘lanadigan soliqlarning o‘zidan yiliga 2 million dollar pul kelib tushadi.
Bundan tashqari, “Tolibon”ga chet eldan yordam berilmoqda. Fors ko‘rfazi mamlakatlari – Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatardagi homiylardan yiliga qariyb 500 million dollar keladi.
Iqtisodiy tanazzul
“Tolibon” moliyaviy imperiya qurdi, lekin ular hukumatni egallagach, hamma narsa o‘z o‘rnini yo‘qotadi”, deb bashorat qilgan edi G‘arb matbuoti. Bashorat amalga oshdi. Ilgari faqat iqtisodiyotning noqonuniy sektorida ishlagan toliblar qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Xususan, yangi hukumat va’dalariga ishonmagan aholi banklardagi jamg‘armalarini qaytarib olishi iqtisodiyotga jiddiy zarba berdi. Chunki, buning oqibatida bankomatlar naqd pulsiz qolyapti, narxlar “osmon”ga yetgan, un va sariyog‘ uch barobarga qimmatlashdi. Ko‘chalar kimsasiz, aksariyat dorixonalar esa yopildi.
“Bank tizimi falaj bo‘lib qoldi. Afg‘oniston importga qaram bo‘lgan davlat. Ular 870 million dollar eksport qilsa, 8,6 milliard dollarga import qiladi. “Tolibon” endi xalqni boqishi, davlat apparatini saqlashi kerak”, deydi Sharqshunoslik instituti tadqiqotchisi, Afg‘onistonni zamonaviy tadqiq qilish markazi direktori Umar Nessar.
Ma’lumot uchun, davlat xarajatlarining 75 foizi odatda xalqaro yordam hisobidan qoplanadi. Qobul yiliga 4 milliard dollardan ko‘proq yordam olgan. Ammo, bundan buyon bunga ishonish mumkin emas.
LiveBarchasi