“Tolibon” Afg‘onistonda har qanday namoyishlarni taqiqladi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati mamlakat hududida har qanday namoyishlar o‘tkazilishini rasman taqiqladi. Tegishli norma politsiya to‘g‘risidagi yangi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan. Bu haqda “Afghanistan International” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjat joriy yilning 22 avgust kuni muvaqqat hukumatning adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan. Uni harakatning oliy rahbari Haybatulla Oxundzoda imzolagan.

Qonunning 50-moddasida shunday deyiladi: “Afg‘oniston hududida har qanday namoyish o‘tkazish taqiqlanadi”. Istisnolar yoki aksiyalarni o‘tkazish uchun ruxsatnoma olish tartibi nazarda tutilmagan.

Hujjat, shuningdek, politsiya vakolatlarini kengaytiradi. Kuch ishlatar tuzilmalarga qurolli to‘qnashuvlarda qurol qo‘llash, gumonlanuvchilarni pushaymon bo‘lishga majburlash va og‘ir jinoyatlarda ayblanayotganlarga o‘lim bilan tahdid qilishga ruxsat berilgan. Gumonlanuvchini hibsda ushlab turishning maksimal muddati uch kundan o‘n kungacha oshirilgan.

Bundan tashqari, jazolarning ijro etilishini suratga va videoga olish taqiqlanadi. Shu bilan birga, qonun shariat sudining qarorisiz qo‘lga olinganlarni qiynoqqa solish va ularga tan jarohati yetkazishni rasman taqiqlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumati 2021 yilda hokimiyatni qayta egallaganidan beri taxminan 2,4 million nafar afg‘on qizini o‘rta ta’lim olish imkoniyatidan mahrum qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing