Tokioda Yaponiya va O‘zbekiston aloqalarining 30 yilligi nishonlandi

Jamiyat

image_2022-10-02_15-17-08

O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Yaponiyaning Tokio shahrida O‘zbekiston-Yaponiya diplomatik aloqalarining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan marosimda qatnashdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.

Yaponiyaning Tokio shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi hamda O‘zbekiston-Yaponiya diplomatik aloqalarining 30 yilligi munosabati bilan tantanali marosim tashkil etildi. Unda Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov, xorijiy mamlakatlarning Yaponiyadagi diplomatik missiyasi va jamoatchilik vakillari, tadbirkorlar hamda kunchiqar yurtdagi vatandoshlarimiz ishtirok etishgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi tashkil yetgan ushbu tadbir yaponiyalik san’at ustasi Masako Shindo tomonidan O‘zbekiston Respublikasi madhiyasining ijrosi bilan boshlangan. 

Shundan so‘ng, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov so‘zga chiqqan.

“Joriy yil O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi bilan ahamiyatli. Xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixi Buyuk ipak yo‘li davriga borib taqaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan yangi, yuqori bosqichga ko‘tarildi. Bu mamlakatlarimiz rahbarlari tomonidan imzolangan Strategik sheriklikni yana-da chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonotda o‘z ifodasini topdi”,  deydi Aziz Abduhakimov. 

Shuningdek, tadbirda Yaponiya parlamentining vakillar palatasi a’zosi Suzuki Keysuke ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar va O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirgan.

“O‘zbekiston Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim sheriklaridan biridir. Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik do‘stona aloqalarni juda qadrlaymiz. O‘zbekiston Prezidenti – juda kuchli yetakchi, biz ularning bugungi kunda mamlakatda olib borayotgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ayniqsa, iqtisodiyot rivoji yo‘lidagi sa’y-harakatlari e’tiborga loyiq”, deydi u.

Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Tourism EXPO Japan 2022” xalqaro turistik ko‘rgazmasi doirasida V vazirlar anjumanida qatnashgan.

Aziz Abduhakimov konferensiya ishtirokchilariga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, viza rejimining soddalashtirilishi, transport logistikasi rivoji, turizm infratuzilmasi modernizatsiyasi, yangi obyektlar qurilishi, investitsion salohiyat, pandemiya davrida turizm sohasining qo‘llab-quvvatlanishi hamda madaniy meros obektlarini asrash va tiklashga oid sa’y-harakatlar haqida ma’lumot bergan.

Shu bilan birga, ushbu anjuman ishtirokchilari pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi targ‘ibotida yangi yechimlarni topish maqsadida davlat va xususiy sektor sherikligiga alohida e’tibor qaratishgan.

Tadbir so‘ngida Aziz Abduhakimov xorijiy mamlakatlar vazirlari, delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar rahbarlarini 2023 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan UNWTO Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida ishtirok yetishga hamda O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishishga taklif qilgan.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing