Tokio-2021: Braziliya va Niderlandiyada “gollar shousi”, Marta Olimpiada rekordini o‘rnatdi

Sport

image

Tokio Olimpiadasida futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarga start berildi. Bugun, 21 iyuldan e’tiboran Tokio Olimpiadasining futbol bellashuvlari boshlandi. 12 jamoa to‘rt yillikning nufuzli musobaqasida g‘oliblik uchun kurashga kirishdi.

Dastlab “F” guruhida musobaqa favoritlaridan biri Braziliya Olimpiya jamoasi Xitoy bilan ro‘baro‘ keldi. Uchrashuv yirik hisobda yakunlandi. Marta raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol etdi, Debora, Andressa va Beatris bittadan gol urib, yirik hisobni ta’minladi. E’tibordi tomoni, “to‘p sehrgarlari” sardori — Marta 5 ta Olimpiada bahslarida gol kiritishni uddalagan birinchi ayol futbolchiga aylandi.

Niderlandiya va Zambiya o‘yini “gollar shousi”ga aylanib ketdi. Midemaning pokeri, Mertensning dubli, Senden, Rurd, Berenshteyn va Pelovaning gollariga Zambiya sardori Barbara Banda 3 gol bilan javob berdi. O‘yin 10:3 hisobida “lolalar yurti” vakilalarining g‘alabasi bilan yakunlandi. Ikkinchi turda, Niderlandiya va Braziliya o‘zaro to‘qnash keladi. Xitoy esa Zambiya bilan bahs olib boradi.

“Ye” guruhida musobaqa mezboni Yaponiya esa Kanada bilan 1:1 hisobidagi durangga imzo chekdi.  Birinchi bo‘limning 6-daqiqasida Sinkler kanadaliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, o‘yin yakunlanishiga 6 daqiqa qolganida Ivabuchi mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqargan golni raqib darvozasiga kiritdi.

Buyuk Britaniya Olimpiya jamoasi Uaytning dubli evaziga Chilini mag‘lub etishni uddaladi. Ikkinchi turda Yaponiya Buyuk Britaniya bilan, Kanada esa Chili Olimpiya jamoasiga qarshi bahs olib boradi.

“G” guruhida sensatsiya kuzatildi. Shvetsiya termasi Blaksteniusning dubli va Xurtigning goli evaziga amaldagi jahon chempioni — AQSH jamoasini 3:0 hisobida taslim etishning uddasidan chiqdi. Biroq, avvalgi Olimpiya o‘yinlarida shvedlar finalga qadar yetib borganini unutmaslik kerak. 

Avstraliya esa Yangi Zelandiyani mag‘lub etdi. Uchrashuvda Kerr va Yallopning gollariga Renni so‘nggi daqiqada javob qaytardi va shu tariqa Avstraliya uch ochkoga ega bo‘ldi. Keyingi turda Shvetsiya Avstraliya bilan kuch sinashadi. AQSH termasi Yangi Zelandiyalik olimpiyachi qizlarni sinovdan o‘tkazadi.

Ma’lumot o‘rnida, ikkinchi tur o‘yinlari 27 iyul kuni o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaponiya Shvetsiya Braziliya Olimpiada Niderlandiya Tokio-2021

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing