Tokio-2020: o‘zbekistonlik bokschilarga qilingan nohaqlik tafsilotlari ma’lum qilindi
Sport
−
19 avgust 2021
32465O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbarlari tomonidan Tokio Olimpiadasi davomida o‘zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi janglarda yuzaga kelgan bahsli holatlardan so‘ng, hakamlar qo‘mitasi rahbariga qat’iy etiroz bildirilmagan. Bu haqda bugun, 19 avgust kuni Tokio-2020 Olimpiadasi yakunlari va sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Olimpiadaning boks bo‘yicha hakamlariga boshqa sport turidan vakillar rahbarlik qilgan.
“O‘zbeksitonlik bokschilarning aksariyati kutilmaganda 1-bosqichdayoq mag‘lubiyatga uchradi. Tokio Olimpiadasining boks bahslari AIBA (Xalqaro boks assotsiatsiyasi) emas, balki Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil qilindi. Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Dzyudo federatsiyasi prezidenti Matias Vizer hamda kurash federatsiyasi prezidenti Nenad Lalovichga hakamlar qo‘mitasiga birgalikda rahbarlik qilish vakolati yuklatilgan edi. Bevosita musobaqalar qismiga Vatanabe mas’ul bo‘lgani uchun, Mirazizbek Mirzahalilovning jangidan so‘ng, u bilan uchrashuv o‘tkazishni so‘radik. MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov boshchiligida suhbat o‘tkazdik, biroq qat’iy e’tiroz bildirishdan qo‘rqdik”, deydi Oybek Qosimov.
Uning ta’kidlashicha, MOQ vakillari hamda Marinori Vatanabe o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng, janglarni nohaq baholagan hakamlar musobaqadan chetlatilgan, biroq natijalar o‘zgarishsiz qolgan.
“O‘zbekiston boks terma jamoasi murabbiylari Marat Qurbonov, Rahmatjon Ro‘ziohunov va To‘lqin Qilichev bilan maslahatlashgan holda, agar masala ko‘ndalang qo‘yilsa, bu kelgusida o‘zbek bokschilarning zarariga ishlab qolishi mumkin, degan xulosaga keldik. Suhbat davomida to‘liq bo‘lmasa-da, ma’lum vaziyatlarda nohaq hakamlik qilingani ta’kidlab o‘tildi. Ushbu masalani e’tiroz sifatida Vatanabega ma’lum qildik va buyog‘iga o‘zbek bokschilari ishtirokidagi janglarni adolatli tarzda baholashlarini so‘radik”, deydi Qosimov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Mirzahalilovning bahsli jangi hakamlar qo‘mitasi raisi tomonidan biriktirilgan mas’ul bilan tahlil qilingan va natijada o‘zbekistonlik sportchining g‘alabasi o‘z isbotini topgan.
“Bizga alohida mas’ul shaxs biriktirib berildi va u bilan jangni to‘liq tahlil qildik. Natijalar Mirzahalilov g‘alaba qozonganini ko‘rsatdi. O‘sha jangda raqibga to‘liq ustunlikni taqdim etgan amerikalik referi musobaqalardan chetlatildi. Uchrashuv yakunida, har bir hakamni ikki nafar mutaxassis nazorat qilishi, agar bellashuvlar nohaq baholagani o‘z isbotini topsa, referi Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilishi haqida aytib o‘tildi. Afsuski, natija o‘zgarishsiz qoladi”.
Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha Osiy va Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov va Tursunoy Rahimova ishtirokidagi janglar hakamlarning bahsli qaroriga ko‘ra, raqib foydasiga hal qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgust kuni Tokio-2020 Olimpiadasida ishtirok etgan O‘zbekiston Olimpiya delegatsiyasi tantanali ravishda kutib olindi. Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Miraziz Mirzaxalilov va Tursunoy Rahimovaning ringda qo‘li baland kelgan bo‘lsa-da, hakamlar g‘alabani raqib sportchisiga taqdim etganini aytib, ushbu holatni keskin qoralagandi.