G‘azo tinchiydi, ammo begonalar qo‘liga o‘tadi

Tahlil

Isroilning G‘azodagi qirg‘inlari nihoyasiga yetish arafasida. Barchasi 28 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan G‘azo bo‘yicha 21 banddan iborat tinchlik rejasi e’lon qilinganidan keyin boshlandi. Ushbu rejada HAMAS qo‘lida bo‘lgan barcha garovdagilarni ozod etilishi va urush tugagach, G‘azo uchun yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. HAMAS esa ushbu rejaning kelajagida yo‘q. Chunki mazkur yo‘l xaritasining eng so‘nggi bekatida Falastin davlati tuzilishini amalda boshlash va yakuniga yetkazish va’da qilinmoqda. Albatta, G‘azo va G‘arbiy sohil birlashtirilib, bu va’da bajarilsa, sektorni kim boshqarishi muhim emas. Muhimi 80 yillik adolatsizlikka chek qo‘yilishi. Biroq Yaqin Sharqni ostin-ustun qilishda asr boshida eng asosiy rollardan birini o‘ynagan Toni Bler, AQSHdagi eng katta Isroil lobbisi Trampning quyovi Jared Kushner va boshqa ko‘plab sionistlar qo‘l ostiga o‘tishi kutilmayotgan G‘azoning kelajagi haqida biror nima deyish qiyin.

Shunday ekan, tomonlar, ayniqsa, HAMAS bunga qanchalik rozi bo‘lishi hali ham noma’lum. Yaqin yaqingacha Falastin davlati qurilmasligini aytib kelayotgan Netanyaxu rejimi Trampga hali-hanuz ushbu reja yuzasidan “xarxasha” qilayotgani, HAMAS esa rejada bayon etilgan qo‘rolsizlanish hamda boshqaruvdan olib tashlashga rozi bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda. Vaqt esa ikki tomon uchun ham juda oz qoldi. Dunyo davlatlari, hatto G‘arb Isroilga bosimni kuchaytirmoqda, Tramp esa HAMASga “jahannam” bilan tahdid qilishda davom etyapti. Shu bois, Netanyaxu va G‘azodagi qarshilik harakati Trampning rejasiga qisqa muddatda ijobiy javob berishga qaror qildi. Lekin bu ular 21 bandlik mazkur rejaga rozi bo‘ldi degani emas. Tomonlarning Misrda bo‘lib o‘tishi aytilgan muzokaralari barchasiga oydinlik kiritadi. Quyida shular haqida batafsil so‘z yuritiladi.

21 bandlik reja

26 sentyabr kuni, ya’ni G‘azo bo‘yicha reja e’lon qilinishidan 2 kun oldin Donald Tramp sektorda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha “intensiv muzokaralar” olib borilayotganini ma’lum qilgandi. U og‘zi qulog‘ida bo‘lib, bu jarayon haqida katta xursandchilik bilan gapirdi.

“Mamnunlik bilan aytaman. Biz Yaqin Sharq hamjamiyati bilan G‘azo masalasida ilhomlantiruvchi va juda konstruktiv muhokamalar olib bormoqdamiz. Hamma bu o‘lim va zulmat davrini orqada qoldirish istiqbolidan hayjonda. Biz garovdagilarni qaytarib olishimiz va mustahkam tinchlikka erishishimiz kerak”, deb yozgan AQSH Prezidenti o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Trampning bu boradagi rejasi esa quyidagilardan iborat ekani ma’lum bo‘ldi.

  1. G‘azoni “ekstremizm va terrorizm”dan xoli hududga aylantirish;
  2. Sektorning to‘liq tiklanishi;
  3. Urushni tomonlar kelishuvi asosida yakunlash va Isroil qo‘shinlarini asta-sekin G‘azodan olib chiqish;
  4. Isroil kelishuvga tayyorligini tasdiqlaganidan so‘ng 48 soat ichida barcha garovdagilar va halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish;
  5. Umrbod qamoqqa hukm qilingan yuzlab falastinlik mahbuslarni va urush boshlanganidan beri hibsga olingan mingdan ortiq kishini ozod qilish, shuningdek, yuzlab falastinliklarning jasadlarini topshirish;
  6. G‘azodan chiqib ketishni xohlovchi HAMAS a’zolariga shartli afv;
  7. Har kuni kamida 600 ta yuk mashinasida gumanitar yordamni G‘azoga kiritish, infratuzilmani tiklash va vayronalarni tozalash;
  8. Yordamni BMT, Qizil Yarim Oy va neytral xalqaro tashkilotlar orqali, tomonlar aralashuvisiz taqsimlash;
  9. G‘azoni vaqtinchalik muvaqqat hukumatdagi falastinlik texnokratlar boshqarishi, ammo ular AQSH boshchiligidagi xalqaro organ nazoratida bo‘ladi, arab va yevropalik hamkorlarning undagi ishtiroki;
  10. Sektor uchun iqtisodiy tiklanish rejasi ishlab chiqish;
  11. Soliq va bojxona imtiyozlariga ega iqtisodiy zona tashkil etish;
  12. Falastinliklarni majburan ko‘chirishni taqiqlash;
  13. HAMASni qurolsizlantirish va uning hukmronligini yo‘q qilish;
  14. Mintaqaviy davlatlar tomonidan xavfsizlik kafolatlarini berish;
  15. AQSH va arab davlatlari boshchiligida vaqtinchalik xalqaro barqarorlashtirish tuzilmasi tuzilib, u xavfsizlikni nazorat qiladi va mahalliy politsiyani tayyorlashi;
  16. Isroil qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqish;
  17. HAMAS hamkorlik qilmasa ham reyani qisman amalga oshirish imkoniyati;
  18. Isroilning Qatarga zarba bermaslik majburiyati;
  19. Ekstremistik mafkurani neytralashtirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
  20. Kelajakda Falastin davlati tuzilishiga tayyorgarlik ko‘rish;
  21. Isroil va falastinliklar o‘rtasida keng siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish.

Ko‘rinib turibdiki, rejaning turli bandlari HAMAS va Isroilni qoniqtirmaydi. Qarshilik guruhi sektordan chiqib ketishga rozi bo‘lmasligi, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Falastin davlatini tuzish haqidagi bandga keskin qarshi chiqishi kutildi. Lekin 29 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Oq uyda qabul qilgach, uni bu rejani qabul qilishga majburladi. Netanyaxu Trampning taklifini qabul qilgani e’lon qilindi. Shundan so‘ng, Tramp ikkinchi tomon hisoblanmish HAMASga ham ushbu taklifni qabul qilish uchun 5 oktyabrgacha muhlat berdi. U harakat a’zolariga taklifga ijobiy javob qaytarilmasa, jahannam bilan tahdid qildi.

“Yakshanba kuni soat 18:00 (Vashington vaqti) gacha HAMAS bilan kelishuvga erishilishi kerak. Har bir davlat rozilik berdi! Bu SO‘NGGI IMKONIYAT va agar kelishuvga erishilmasa, HAMASga qarshi dunyo hech qachon ko‘rmagan darajadagi DO‘ZAX boshlanadi”, deb yozdi Tramp.

HAMAS qabul qildi, ammo…

Shundan so‘ng, HAMAS 3 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azo bo‘yicha taklifi shartlariga muvofiq ravishda “tirik yoki o‘lik holda” barcha isroillik garovdagilarni ozod qilishga rozi bo‘ldi hamda kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun vositachilar orqali darhol muzokara boshlashga tayyorligini bildirdi. Ammo harakat rasmiylari Tramp rejasining faqatgina bir necha muhim qismlarini qabul qilgan, qolgan ziddiyatli bandlarga esa izoh ham bermagan. Jumladan, urushni tugatish, Isroilning chiqib ketishi, isroillik garovdagilar va falastinlik mahbuslarni ozod qilish, yordam va tiklanish ishlarini tashkil etish hamda falastinliklarni hududdan chiqarishga yo‘l qo‘ymaslik kabi bandlargina HAMAS tomonidan ma’qullangan.

Shu bilan birga, HAMAS bayonoti bilan Tramp rejasi o‘rtasida G‘azoning kelajakdagi boshqaruvi va HAMASning o‘zi bu jarayonda qanday rol o‘ynashi, to‘g‘rirog‘i umuman rol o‘ynamasligi haqidagi masalalarda kutilganidek kelishmovchilik mavjud. Shuning uchun HAMAS bu borada muzokaralar o‘tkazish istagini bildirgan. Ular, asosan, G‘azoni kelajakda xorijlik siyosatchilar boshqarishi va HAMASning o‘zi G‘azo boshqaruvida hech qanday tarzda ishtirok etmasligiga qarshi. Chunki HAMAS o‘z bayonotida harakatni “keng qamrovli Falastin milliy tuzilmasining bir qismi” deb hisoblashini bildirgan. Ammo harakat o‘z a’zolarining qurollarini topshirsa, ularga amnistiya va boshqa mamlakatlarga xavfsiz chiqib ketish imkoniyatini berilishi haqidagi bandga ham izoh bermadi.

Tramp nazarda tutgan xorijiy o‘tish hukumati esa HAMAS tomonidan hozircha rad etilgandek ko‘rinmoqda. Chunki ular G‘azo ma’muriyatini “milliy konsensusiga asoslangan, arab va islomiy ko‘mak bilan faoliyat yuritadigan mustaqil falastinliklar organiga” topshirishga rozi ekanini bildirdi. Harakat rasmiylari bunday taklif va tashabbus bilan oldin ham chiqishganini eslatib o‘tish lozim. Shu bilan birga, HAMAS AQSH va arab davlatlari hamkorlikda tashkil etmoqchi bo‘lgan “vaqtinchalik xalqaro barqarorlashtirish kuchlari”ni G‘azoga joylashtirish rejasi haqida izoh bermagan.
Ko‘pchilikni qiziqtirayotgan G‘azodagi o‘sha vaqtinchalik o‘tish davridagi texnokratlar kimligi esa alohida mavzu. Rejaga ko‘ra, bu tuzilma rahbari Donald Tramp bo‘lishi va a’zolar orasida Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler ham o‘rin olishi nazarda tutilmoqda. Ammo Bler shunchaki a’zo emas, balki bu hukumatga rahbar bo‘lish niyatida yurgani ma’lum bo‘ldi.

Qonli o‘tmish Yaqin Sharqqa qaytmoqda

“The Economist” nashri Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler G‘azoda xalqaro o‘tish davri hukumatiga rahbarlik qilishni istayayotgani haqida xabar berdi. U sektorda tinchlik o‘rnatilganidan keyinki davrda anklavni qayta tashkil etishga eng ko‘p qiziqayotgan siyosatchilardan biri sifatida tilga olinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Britaniyaning sobiq bosh vaziri 2023 yil 7 oktyabrdan buyon bir necha bor Quddusga tashrif buyurgan va o‘zining Londondagi fondiga G‘azo uchun urushdan keyinki mandat rejasini ishlab chiqishni topshirgan. Bir nechta manbalarning bildirishicha, Bler G‘azo xalqaro o‘tish davri hukumatini boshqarishi mumkin. Bu tuzilma BMTdan besh yil davomida “eng yuqori siyosiy va huquqiy organ” sifatida faoliyat yuritish vakolatini olishga intiladi.

Agar Bler nomzodi ma’qullansa, uning ixtiyorida 25 kishidan iborat apparat bo‘ladi hamda u sektorni boshqaradigan ijro etuvchi organ ustidan nazorat olib boruvchi yetti kishilik kuzatuv kengashiga rahbarlik qiladi. Uning G‘azodagi siyosiy faoliyati va harakatlarini moliyalashtirish esa Fors ko‘rfazi davlatlari zimmasiga yuklatilishi kutilmoqda. Bler sektorda vaqtinchalik xalqaro boshqaruv tuzilmalarining Sharqiy Timor va Kosovodagi tajribasi asosida ishlashi taxmin qilinmoqda. Dastlab u G‘azo chegarasidagi Misrning Shimoliy Sinay viloyatida joylashadi, keyinchalik esa xalqaro kontingent yordami bilan bevosita G‘azoning o‘ziga ko‘chiriladi.

Endi esa bu Bler janoblari kim ekaniga qisqacha to‘xtalsak. Yaqin Sharq sivilizatsiyasining o‘choqlaridan biri bo‘lgan Iroqni do‘zaxga aylantirgan, mintaqani tubsiz urushlar domiga tortgan shaxslarning eng oldingi qatorlarida turuvchi, bugun Iroqda “u bizni aldadi”, deb afsus va nadomatlar bilan eslatuvchi shaxsdir. Qo‘shimcha ma’lumot uchun esa, u shunchaki britaniyalik siyosat va davlat arbobi, Buyuk Britaniya Leyboristlar partiyasining sobiq yetakchisi. 1997 yildan 2007 yilgacha Buyuk Britaniya bosh vaziri lavozimida ishlagan, ammo siyosiy karerasining asosiy qismini o‘sha Iroq bosqiniga yo‘naltirgan insondir.

G‘azo milliarderlar va sionistlar qo‘liga o‘tmoqda

Joriy hafta boshida Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Bler rahbarligidagi G‘azoning kelajakdagi boshqaruv rejasi haqidagi hujjat tarmoqlarga tarqadi. G‘azo xalqaro o‘tish ma’muriyati uchun taklif qilingan rejaga ko‘ra, boshqaruv tuzilishi shunday bo‘ladi:

  • Yuqorida – xalqaro darajadagi milliarderlar va biznesmenlardan iborat kengash;
  • Pastda – qattiq tekshiruvdan o‘tgan, “neytral” deb baholangan falastinlik ma’murlar.

Bu ma’muriyat Isroil, Misr va AQSH bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi va Oq uyning qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, G‘azo xalqaro o‘tish ma’muriyatini xalqaro kengash boshqaradi va u o‘tish davrida G‘azo uchun oliy siyosiy va huquqiy vakolatga ega bo‘ladi.

Eng qizig‘i, Blerga tegishli deya aytilgan sizdirilgan maxfiy hujjatda bu kengashga nomzod sifatida 4 kishi tilga olingan va ularning hech biri falastinlik emas. Masalan, BMTning Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo‘yicha maxsus koordinatori Sigrid Kaag. U Yevropada hurmatga sazovor texnokrat sifatida tanilgan. Kaag 2023 yilning oxiridan 2025 yilning o‘rtalarigacha G‘azo uchun BMTning insonparvarlik va qayta tiklash bo‘yicha bosh koordinatori sifatida xizmat qilgan. Bundan avval u BMTning Beyrut, Damashq va Quddusdagi vakolatxonalarida ishlagan, shuningdek, Niderlandiyada, ya’ni o‘z vatanida vazir lavozimida ham faoliyat yuritgan. Sigrid Kaagda mintaqa bo‘yicha tajriba juda katta va u ushbu ro‘yxatdagi eng “normal” nomzod. Chunki qolgan 3 kishi sizni hayratga solishi aniq.

Masalan, ular “ijroiy hokimiyat va moliyaviy tajribaga ega obro‘li xalqaro shaxslar” sifatida tanilgan milliarder va yetakchi sionistlardir. Ulardan biri – Mark Roen, AQSHdagi eng yirik xususiy investitsiya kompaniyalaridan biri milliarder egasi. Uoll-stritdagi eng boy moliyachilardan biri bo‘lgan Mark Roenning boyligi, “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, 10 milliard dollardan biroz oshadi. 63 yoshli yahudiy milliarder “Apollo Global Management” kompaniyasining bosh ijrochi direktori hisoblanadi. Bu kompaniya “xususiy kapital dunyosidagi yirik “monstr”, foyda uchun har narsani qurbon qilishga tayyor sanoat” degan ta’riflarga sazovor bo‘lgan. “Apollo” hozirda 840 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi, ularning katta qismi Saudiya Arabistoni va BAA sarmoyadorlariga tegishli.

Roen esa ultraisroilparast yahudiy hisoblanadi. So‘hbatda u o‘zini “Isroilning faxrli tarafdori” sifatida ta’riflagan. Roen Isroilni “o‘zi uchun panohgoh” deb atagan va “bu o‘ziga xos, maxsus joy, biz – tanlangan xalqmiz”, deb ochiqchasiga ta’kidlagan. U AQSH universitetlarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlarni keskin tanqid qilgan.

Misrlik milliarder Nagib Saviris boyligi taxminan 10 milliard dollarga yaqin bo‘lgan milliarderlar oilasidan chiqqanligi bilan tanilgan. Uning otasi Onsi Saviris  Misrning birinchi xalqaro konglomeratiga aylangan “Orascom” kompaniyasiga asos solgan. 71 yoshli Saviris asosiy boyligini telekommunikatsiya sohasida to‘plagan. U Misrdagi ilk mobil aloqa operatori bo‘lgan “Mobinil” (hozirgi “Orange Egypt”) kompaniyasining hammuassislaridan biri. Shuningdek, u Lyuksemburgda joylashgan “La Mancha” xolding kompaniyasi orqali oltin sanoatida ham faol ishtirok etadi.

Misrlik milliarder Toni Bler bilan uzoq yillardan beri yaqin munosabatda bo‘lib keladi, bu munosabat hatto Blerning Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lishidan avval boshlangan bo‘lishi mumkin. Bler 2020 yilda Savirisning o‘g‘li Ansiyning Giza piramidalari yonida bo‘lib o‘tgan to‘yiga taklif etilgan. 2013 yilda esa ular Italiyaning o‘ng qanot siyosatchisi va sobiq prezidenti Silvio Berluskoniga tegishli villalardan biri yonida birga suratga tushgan. Shuningdek, ular bir necha marta Savirisning lyuks klass li yaxtasi bortida, xususiy samolyotida, Qohirada va Janubiy Afrikada ham uchrashgan. Saviris ayniqsa Yunon oroli Miknosni yaxshi ko‘rishi, u yerda ko‘chmas mulk sotib olgani va sevimli misrlik musiqachi hamda aktyorlarni ziyofatlariga taklif qilib turishi aytiladi.

Saviris AQSH va Buyuk Britaniya boshchiligidagi bosqindan keyin Afg‘onistonni “qayta tiklash” jarayonida ishtirok etgan va shu paytda ham Bler bilan hamkorlik qilgan. BAAning Misrga katta sarmoya kiritishi va faol ishtiroki sababli Saviris o‘z mablag‘larini mamlakat tashqarisida saqlaydi va Dubay namunasidagi “erkin iqtisodiy zona” sifatida G‘azo uchun Bler ko‘rayotgan reja bilan hamohang bo‘lgan amirliklar bilan yaqin munosabatda.

Are Laytstoun. Ibrohim kelishuvlari instituti bosh direktori. U shuningdek, ishbilarmon va ravvin bo‘lib, ovqat uchun kelgan falastinliklarni bir necha oy davomida qirib tashlash uchun vositachi bo‘lgan G‘azo gumanitar jamg‘armasini yaratish va rivojlantirishda faol ishtirok etgan. Bu jamg‘arma – AQSH va Isroil qo‘llab-quvvatlagan yordam taqsimot tizimi bo‘lib, uning G‘azodagi punktlarida 2000 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, yana minglab odamlar yaralangani ko‘pchilikka ma’lum.

Laytstoun avval AQSHning Isroildagi elchisi, yahudiylar manzilgohlari harakatining qat’iy himoyachisi Devid Fridmanning yuqori darajadagi maslahatchisi bo‘lgan. Hozirda u AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning yaqin maslahatchisi va yordamchisi hisoblanadi. Laytstoun BMTning qattiq tanqidchisi hisoblanadi va u Oq uy bilan hamkorlikda G‘azoning urushdan keyingi ssenariylarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Hujjatlarga ko‘ra, BMT bilan muzokaralarda ikki davlat yechimi masalasi ko‘tarilganida, Laytstoun: “bunday qadam uchun vaqt hali to‘g‘ri emas, asosiy ustuvorlik – HAMASni maydondan chiqarish bo‘lishi kerak”ligini aytgan.

U bundan tashqari, Yaqin Sharq haqidagi kitob muallifi ham bo‘lib, uni Donald Trampning kuyovi Jared Kushner maqtagan. Ha, aytgancha Trampning o‘sha sevimli kuyovi Kushner ham Toni Bler rejasida ishtirok etmoqda va G‘azoning “juda qimmatli” dengiz sohili potensiali haqida ko‘p marta gapirgan.

Albatta hozircha bu shaxslardan hech biri bu vazifaga rasman tayinlangani yoki ularning o‘zi bu taklifga rozilik bergani haqida ma’lumot yo‘q. Ammo Bler G‘azoni kelajakda boshqaradigan xalqaro tuzilmaga rahbar bo‘lsa, ko‘p ehtimol yuqoridagi variantlarni uning yonida ko‘rishimiz mumkin.

Jiddiy muammolar bor

AQSH Prezidenti Donald Tramp 3 oktyabr kuni Isroildan hujumni darhol to‘xtatishni talab qildi. Ammo Trampning bu chaqirig‘idan keyin ham G‘azoni o‘qqa tutish davom etdi. Isroil tanklari G‘azo shahri markazidagi asosiy yo‘llardan biri – Talatiniy ko‘chasini o‘qqa tutishda davom etgani, Netanyaxu Trampning talabiga to‘purganining belgisidir. Bundan tashqari, Isroil harbiy samolyotlari G‘azo shahridagi havo hujumlarini kuchaytirib, Rimal mahallasida bir nechta uylarga zarba bergan. Xon Yunus shahrida ham havo zarbalari qayd etilgan.

Shu bois, jurnalist Barak Ravid Tramp Netanyaxuni qattiq haqorat qilib, uni shikoyat qilavermaslikka chaqirgani haqida xabar berdi. Ichki siyosiy jihatdan ham G‘azo “qassobi” og‘ir bosim ostida qolgan. Bir tomonda urushdan charchagan jamoatchilik va garovdagi shaxslar oilalari uni urushni tugatishga chaqirmoqda, ikkinchi tomonda esa qattiq pozitsiyali o‘ta o‘ng qanot ittifoqchilari Isroilning G‘azodagi harbiy harakatlarini to‘xtatmaslikni talab qilmoqda. Ayni damda garovda 48 nafar Isroil fuqarosi qolgan, ammo ularning 20 nafari tirik.

Tinchlik muzokaralariga halaqit qilayotgan jarliklar esa yetarlicha. Jumladan, HAMASning javobida guruh G‘azoni qurolsizlantirish va demilitarizatsiya qilish savoli ochiq qoldirildi. Bundan tashqari, HAMAS bosqichma-bosqich emas, balki to‘liq va darhol Isroil qo‘shinlarining sektordan chiqishini talab qildi. Guruhning yuqori martabali rasmiysi “Al Jazeera” telekanaliga bergan bayonotida, HAMAS G‘azo bosqini tugamaguncha qurolini topshirmasligini ma’lum qilgan. Bu esa ikki tomonning o‘zaro pozitsiyalarida katta jarlik borligini ko‘rsatmoqda.

Lekin muzokaralar to‘xtab qolgani yo‘q. Tramp o‘z bayonotlari va intervyularida barcha jarayonlarning yakunlanishiga oz qoldi deb ishonch bilan gapirmoqda. Qatar Tashqi ishlar vazirligi esa vakili Doha Misr va AQSH bilan birgalikda Tramp rejasi bo‘yicha muzokaralarni davom etayotganini ma’lum qildi. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi uchrashuvga esa Misr mezbonlik qiladi. Uchrashuv joyi uchun Qohira yoki Sharm-al-Sheyx variantlari mavjud. Isroil delegatsiyasiga Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning yaqin ittifoqchisi va Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer rahbarlik qiladi. Trampning ta’kidlashicha, G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi HAMAS Tramp taklif etgan rejaga to‘liq rozi bo‘lgan zahoti kuchga kiradi. Ungacha emas.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp BAA Isroil Oq uy Jared Kushner Netan'yaxu G'azo HAMAS Toni Bler Stiv Uitkoff Are Laytstoun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing