“Titanik” cho‘kishidan atom bombasi portlashigacha: haqiqatga aylangan bashoratlar
Bu qiziq
−
22 iyul 24182 6 daqiqa
Insoniyat kelajakni oldindan bilishga har doim intilgan. Ayrimlar buni ilohiy bashoratlar orqali amalga oshirishga uringan bo‘lsa, boshqalar ilmiy faraz va kuzatuvlar asosida qilgan. Qiziq tomoni shundaki, ba’zi odamlar kelajakda ro‘y beradigan voqealarni oldindan aytib bergandek tuyuladi. Ushbu maqolada tarixda mashhur va ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bashoratlar, jumladan, “Titanik” fojiasi, o‘latdan keyingi “London yong‘ini”, o‘limini bashorat qilgan yozuvchi, atom bombasining yaratilishi hamda Donal’d Trampning prezident bo‘lishi kabi misollar asosida tahlil qilinadi.
Titanik falokati

1912 yilda Nyu-York tomon yo‘l olayotgan “Titanik” kemasi fojiaga uchragach, allaqachon unutilgan hikoya yana tillarga tushadi. Bu amerikalik yozuvchi Morgan Robertson muallifligidagi 1898 yilda yozilgan “Futility or the Wreck of the Titan” nomli qissa edi. Kitob va reallikning nima aloqasi bor edi, deysizmi?
Gap shundaki, ushbu fantastik asar va u yaratilganidan 14 yil o‘tib yuz bergan voqea orasida g‘ayrioddiy o‘xshashliklar bor edi. Masalan, CBC nashri quyidagi o‘xshashliklarni qayd etgan:
Robertsonning hikoyasida ham “Titan” nomli okean layneri xuddi “Titanik” kabi Shimoliy Atlantika orqali suzadi. Hajman o‘xshash bo‘lgan har ikki kema ham “cho‘kmas” deb ta’riflangan edi. Ikkala kemada ham qutqaruv qayig‘ining soni juda kamligi aniqlanadi. Har ikki kema ham tunda muzlikka uriladi, voqealar esa aprel oyida sodir bo‘ladi. Ular to‘qnashgan vaqtda tezlik ham deyarli bir xil bo‘lgan. Bu esa asarga eng aniq kelajak bashoratlaridan biri sifatida qaralishiga sabab bo‘lgan. Biroq “Titanik” bo‘yicha mutaxassis Pol Heyer bu bashoratni shubha ostiga oladi:
“Robertson tajribali dengizchi edi, u kemalarning haddan tashqari yiriklashayotganini ko‘rib, ulardan biri muzlikka urilishi mumkinligini taxmin qilgan, xolos”.
“London yong‘ini”

1666 yilning yozi London uchun g‘ayrioddiy darajada quruq keladi. Novvoyxonalardan birida paydo bo‘lgan yong‘in butun shahar bo‘ylab yashin tezligida tarqaladi. Manbalarda bu ofat atigi besh kun ichida London binolarining 80 foizini vayron qilgani yozilgan. Kutilmagan burilish shundaki, bu fojia bir asr oldin mashhur fransuz bashoratchisi Nostradamus tomonidan allaqachon bashorat qilingan edi! U 1555 yilda yozgan “Les Prophéties” (Bashoratlar) kitobda quyidagi to‘rtlik mavjud:
“Adolat qonlari Londonda yetishmaydi,
66 yili yong‘in bilan yo‘q bo‘ladi:
Qadimgi Bekajon balandlikdan yiqiladi,
Xuddi shu e’tiqoddagilardan ko‘plari halok bo‘ladi”.
Yong‘in shaharni yutib yuborayotgan paytda London aholisi hali 1665 yilgi “Qora o‘lat”dan to‘liq qutulmagan edi. Ko‘plab talqinlarga ko‘ra, bu she’rda aytilgan “Adolat qonlari” degan ibora o‘latni tarqatgan millionlab kalamushlarni anglatadi. Yong‘in esa ularni yer yuzidan supurib tashlashga yordam beradi.
O‘z o‘limini oldindan aytgan yozuvchi

Yozuvchi Mark Tven o‘zining o‘lim vaqtini oldindan aytgani tarixdagi eng aniq bashorat va ajoyib tasodiflardan hisoblanadi. Halley kometasi Yer yaqinidan o‘tayotgan payt, 1835 yilning 30 noyabrida Florida shahrida tug‘ilgan yozuvchi 75 yil yashaydi va aynan o‘sha osmon jismi qaytib kelganida vafot etadi.
Uning avtobiografiyasi muallifi Albert Biglo Peyn yozuvchi bilan o‘tgan suhbatni esga olib, Tvenning quyidagi so‘zlarini keltiradi:
“Men 1835 yilda Halley kometasi bilan birga kelganman. U yana kelyapti va men u bilan birga ketishni kutyapman. Agar shunday bo‘lmasa, bu mening hayotimdagi eng katta muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi”.
Ishonish qiyin, ammo bir yil o‘tib, 1910 yil 21 aprel kuni yozuvchi kometa harakati kuni yurak xurujidan vafot etgan. Buni NASA Johnson fazo markazi olimlari ham tasdiqlagan.
Atom bombasi

Gerbert Jorj Uells sun’iy yo‘ldoshli televizordan tortib samolyotlargacha, hatto global internet tarmog‘i g‘oyasigacha kelajakni to‘liq tasavvur qilgan buyuk bashoratchi edi. Atom bombasi uning eng hayratlanarli bashoratlaridan biri hisoblanadi.

Ilmiy fantastika ustasi bo‘lgan Uells bu atamani Yaponiyaga qarshi yadro quroli ishlatilishidan 30 yil oldin yozgan edi. U 1914 yilda yozgan “The World Set Free” (Ozod qilingan dunyo) romani global urushdagi yadro portlashi haqida edi. Muallif yadro zanjirli reaksiyalarning ilmiy tafsilotlarini bilmagan bo‘lsa-da, uzoq davom etuvchi, radioaktiv bug‘ chiqaruvchi granatalarni tasvirlaydi. Hatto u bombalarning samolyotlardan gavjum shaharlarga tashlanishini ham yozgan. Bu esa 1945 yil avgustida Xirosima va Nagasakida fojiaga aylangan voqeaning o‘zidir.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 1933 yilda vengriyalik fizik Leo Silard aynan Uellsning kitobidan ilhom olib, yadro zanjir reaksiyasini aniqlagan. Shu orada nemis fiziklari uranda yadro bo‘linishini o‘rganib, yadroni neytron orqali ajratib, ulkan energiya ajralishini aniqlagan edi. Germaniya uranni eksport qilishni to‘xtatgach, Silard Eynshteyn bilan maslahatlashib, AQSH prezidenti Franklin Delano Ruzveltga tahdid haqida xat yozadi. Bu mashhur “Eynshteyn-Silard xati” bo‘lib, aynan u ilk yadro bombalarini yaratib, sinovdan o‘tkazgan va portlatgan “Manxetten loyihasi”ni boshlab beradi.
Donald Trampning prezident bo‘lishi

Ilk bor 1989 yilda efirga uzatilgan “Simpsonlar oilasi” o‘shandan buyon mashhurligicha qolmoqda. Ijtimoiy hodisalarning bir oila munosabatlarida aks etishi va keskin satiralardan tashqari kelajak bashoratlari ham bunga sababdir. Donald Trampning 2016 yilda prezidentlikka kelishi “Simpsonlar oilasi” tomonidan bashorat qilingan va rostdan sodir bo‘lgan ko‘plab holatlardan biridir. Multiserialning “Bart kelajakda” nomli qismida ta’tildagi oila kazino bo‘ylab sayr qiladi. Yosh Bart uchratib qolgan folbin uni 30 yil keyingi kelajak bilan tanishtiradi. Kelajakda u o‘zining omadsiz musiqachi bo‘lib qolgani, singlisi Lizaning esa AQSH prezidenti bo‘lib Oq Uyda vazirlar yig‘inini o‘tkazayotganini ko‘radi. Liza nutqida shunday deydi:
“Prezident Trampdan katta byudjet tanqisligi meros bo‘lib qoldi”.
Mazkur jumla biznesmen Trampning prezident bo‘lishi haqidagi bashorat o‘laroq qabul qilinadi. Ushbu multiserialning haqiqatga aylangan boshqa ko‘pgina epizodlari bilan avval e’lon qilingan maqolada tanishishingiz mumkin.
Yuqorida keltirilgan bashoratlarning hayratlanarli darajada aniq chiqishi inson tafakkuri va voqealarni oldindan sezish qobiliyati chegaralari haqida o‘ylantiradi. Morgan Robertsonning “Titan” haqidagi asari yoki Uellsning yadro quroli haqidagi fantastik g‘oyalari ko‘proq kuzatuvchanlik va texnologik rivojlanishni oldindan ko‘ra olish qobiliyati bilan izohlanadi. Ayni paytda, “Simpsonlar oilasi” multserialidagi kabi tasodifiy yoki satirik bashoratlar esa zamonaviy madaniyatda kutilmagan yangiliklarga tayyor turish zaruratini ko‘rsatadi. Qolaversa, mazkur serial taniqli siyosiy va falsafa tahlilchilari tomonidan ssenariylashtirilgan. Bu esa voqealarning yetti o‘lchab, prognoz qilinganini anglatadi. Shunday ekan, bashoratlar haqida to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun ularni chuqur tahlil qilish, tarixiy va ilmiy kontekst bilan solishtirish muhimdir. Aks holda, ular faqatgina afsona yoki rivoyat bo‘lib qolaveradi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr