“Sirli kuchlar buyurtmasi”: multfilmdan reallikka aylangan faktlar

Madaniyat-san’at

image

Ko‘pincha odamlar dunyoni qandaydir sirli kuch(lar) boshqarib turgani haqidagi konspirologik qarashlarga ishonadi va reallikdagi voqea-hodisalarning filmlardagi o‘xshash jihatlarini bunday fikrlarning isboti o‘laroq tatbiq etadi. Bu borada eng mashhur “bashoratchi film” 1989 yilda “Fox” telekanalida namoyish etila boshlagan animatsion “Simpsonlar oilasi” (The Simpsons) multfilmidir. 36 fasl va 800 ga yaqin qismni o‘z ichiga olgan ushbu komediya syujetlarining keyinchalik real hayotda sodir bo‘lishi ko‘pchilikni hayratga soldi. Bugun mazkur animatsion serialning haqiqatga ko‘chgan epizodlari haqida ma’lumot berishga qaror qildik. Dastavval, o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun film syujeti va undagi asosiy qahramonlar haqida qisqacha to‘xtalamiz.

Simpsonlar oilasi: multfilm nima haqida?

Mashhur karikaturachi Mett Greyning yaratgan ushbu komediya voqealari Springfild (Springfield) nomli xayoliy shaharda yashovchi o‘rtahol amerikalik oilaning hayoti atrofida kechadi. Undagi asosiy qahramonlar quyidagicha:

Homer Simpson (ota rolida) Springfild yadro stansiyasida ishlaydi. Dangasa, lekin qiziqarli shaxs.

Marj Simpson — Homerning sevikli ayoli, sabrli va mehribon ona.

Bart Simpson — 10 yoshli sho‘x bola.

Liza Simpson — 8 yoshli aqlli va atrof-muhitga befarq bo‘lmagan qizaloq.

Meggi Simpson — oilaning kichkina qizalog‘i, deyarli gapirmaydi, lekin ko‘p sahnalarda muhim rol o‘ynaydi.

Serial Amerikadagi jamiyat, siyosat, din, ta’lim tizimi va madaniyatni o‘tkir hazil va tanqid asosida ko‘rsatadi. “Simpsonlar oilasi” — bu shunchaki multfilm emas, balki butun bir avlod uchun kult (katta e’tibor va ishtiyoq bilan qabul qilinadigan film)ga aylangan ijtimoiy hodisa.

Trampning prezidentlikka saylanishi (2000 yil). 11 fasl, 17 qism: “Bartning kelajagi” (Bart to the future)

Filmda: Bart g‘ayritabiiy qobiliyatga ega ayol bilan uchrashib qoladi va uning yordami bilan kelajakka xayoliy sayohat qiladi. U o‘zining 40 yoshli omadsiz musiqachi ekanini, singlisi Lizaning esa AQSH prezidenti bo‘lib, iqtisodiy inqirozni boshqarish bilan shug‘ullanayotganini ko‘radi. Oq uyda bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda Liza shunday deydi:

“Biz Trampdan byudjet tanqisligini meros qilib oldik”.

Hayotda: oradan yillar o‘tib, “Simpsonlar oilasi” haq bo‘lib chiqdi — Donald Tramp 2016 yilda AQSH prezidenti bo‘ldi va hozirda ikkinchi prezidentlik muddatini o‘tamoqda. Ha, bashorat faqat prezidentlik emas, balki uning davridagi iqtisodiy inqiroz borasida ham to‘g‘ri chiqqan. Ssenariy mualliflaridan biri Den Grini keyinchalik bergan intervyusida holatni quyidagicha izohlaydi:

“Bu Amerika uchun ogohlantirish edi. Amerikaning qay tomonga ketayotganini satirik tarzda ko‘rsatish uchun filmga Lizaning juda yomon vaziyatda prezidentlikka kelishi haqidagi epizod qo‘shilgan. Biz bu uchun Trampdan foydalandik”.

Kamala Harrisning vitse-prezidentligi (2000 yil). 11 fasl, 17 qism: “Bartning kelajagi”

Filmda: ushbu qismda binafsharang kostyum va marjonlarni taqib olgan Lizaning prezidentlik ofisini boshqarayotgani ko‘rinadi.

Hayotda: Bu epizod amerikaliklarga kelajakda mamlakat boshqaruv tizimiga ayol kishi kelishi haqidagi bashorat bo‘lib tuyuldi. 2021 yilda Kamala Harrisning AQSH vitse-prezidenti lavozimiga kelishi orqali bashoratning bir qismi ro‘yobga chiqdi. Xarris o‘zining inauguratsiya kunida xuddi Liza kabi binafsha rangdagi kiyimda chiqish qilgani bejizga emas!

Aqlli soat va video qo‘ng‘iroqlar (1995 yil). 6 fasl, 19 qism: “Lizaning to‘yi” (Lisa’s Wedding)

Filmda: Liza ham akasi kabi xayolan kelajkka sayohat qiladi va 2010 yildagi o‘z to‘yini ko‘radi. Kuyovning qo‘lida ovozli buyruqlarni qabul qilib, ularga to‘g‘ri javob beruvchi soatni payqaydi. Shuningdek, epizodda Liza to‘yi haqida xabar berish uchun onasi Marj bilan “rasmli telefon” orqali video muloqot qiladi.

Hayotda: Aqlli soatlar bashorati 2013 yilda haqiqatga aylandi va bir nechta kompaniyalarda sotuvga qo‘yildi. Real vaqtdagi video qo‘ng‘iroqlar esa 2003 yilda Skype dasturi orqali amalga oshdi va ommalashdi.

COVID-19 pandemiyasiga o‘xshash vaziyat (1993 yil). 4 fasl, 21 qism: “Marj qamoqda” (Marge in Chains)

Filmda: Springfild aholisi Osaka (Yaponiya)dan meva siqib sharbat chiqaruvchi mashina buyurtma qiladi, lekin uning bir qismi ifloslagan holda yuboriladi. Mashinani ishlatgan aholi kasallanadi va virus tezda shahar bo‘ylab tarqaladi.

Hayotda: Osaka grippi va COVID-19 o‘rtasidagi o‘xshashliklarni inkor etish qiyin. Ikki holatda ham virus o‘chog‘i Osiyoda joylashgan va aniq bir shifo bo‘luvchi dori topilmaydi. Biroq film ssenariy mualliflari bu ikki holatni qiyoslaganlarni “nojoiz o‘xshatish” uchun qoralagan.

Uch ko‘zli baliq (1990 yil). 2 fasl, 4 qism: “Har garajda ikki mashina, har baliqda uch ko‘z” (Two cars in every garage and three eyes on every fish)

Filmda: Bart mahalliy yadro stansiyasi yaqinidagi suv havzasidan blinki (blinky) nomli uch ko‘zli baliq tutib oladi. Bu stansiyaning ekologiyaga yomon ta’sirini ko‘rsatar edi. Biroq uning rahbari janob Byorns o‘z faoliyatini himoya qilish uchun korrupsiya orqali o‘zini oqlashga harakat qiladi. Shunda Marj xonim Springfild ommaviy axborot vositalarida chiqish qiladi va katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.

Hayotda: uch ko‘zli baliq voqeasi bir qator real ekologik va yadro xavf-xatarlarini yodga soladi. Misol uchun, Argentinaning Kordoba viloyatida uch ko‘zli baliqlar topilgan va ularning yadroviy inshootlar yaqinida yashashi aniqlangan. Filmda diqqatni tortadigan yana bir jihat shuki, Marj xonimning baliqni televideniyeda namoyish ettirishi media va siyosatdagi manipulyatsiya hamda axborot oqimini nazarda tutadi.

Virtual dunyo (2016 yil). 28 fasl, 2 qism: “Oila va do‘stlar” (Friends and family)

Filmda: mahalliy yadro stansiyasi rahbari janob Byorns istalgan hudud va zamonda sayohat qilish imkonini beruvchi ko‘zoynakni qo‘lga kiritadi. U Simpsonlar oilasini shu ko‘zoynak yordamida virtual (noreal hayot)ga ko‘chirishni xohlaydi.

Hayotda: internet foydalanuvchilari bu ko‘zoynakni Apple kompaniyasi mahsulotiga qiyoslaydi. Apple Vision Pro ko‘zoynaklari 2023 yilning yozida e’lon qilindi va 2024 yilda sotuvga chiqarildi.

Multfilm “sirli kuchlar”ning buyurtmasimi?

Albatta, yo‘q! Mett Greyning va uning jamoasi serialda zamonaviy siyosat, ijtimoiy masala hamda texnologik ixtirolarni tanqidiy va satirik tarzda yoritishga harakat qilgan.  Hayotda amalga oshgan bashoratlar esa mualliflarning sohalardagi vaziyat va tendensiyalarni to‘g‘ri va mantiqiy prognoz qilgani sabablidir. Jamoaning kuchli siyosatchi va mutaxassis kuzatuvchilardan tashkil topgani ko‘pgina o‘xshatishlarning haqiqatga aylanganiga asos bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, eng uzoq davom etayotgan mazkur serialning asosan shunchaki to‘qimaga aylangan epizodlardan iborat ekanini ta’kidlash zarur. 2024 yil dekabrda efirga uzatilgan 781-qism hozircha so‘nggisi bo‘lib turibdi va mualliflar 2025 yil uchun ajoyib davomni va’da qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

bashorat Mul'tfil'm Simpsonlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing