TikTok Yevropada jarimaga tortilishi mumkin
Olam
−
06 fevral 714 1 daqiqa
Yevropa Komissiyasi TikTok’ning Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganini aniqladi. Bu haqda bugun, 6 fevral kuni Yevropa Kommisiyasi rasmiy bayonot berdi.
Komissiya tekshiruvi Bryusselda olib borilgan bo‘lib, asosiy e’tibor platformaning foydalanuvchilarni uzoq vaqt ushlab turadigan jalb qiluvchi dizayniga qaratilgan.
Unga ko‘ra, TikTok cheksiz skroll, avtomatik ijro, push-bildirishnomalar va shaxsiylashtirilgan tavsiya tizimi kabi xususiyatlar orqali foydalanuvchilarga, jumladan, voyaga yetmaganlarga zarar yetkazishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirgan. Ilmiy tadqiqotlar bu kabi mexanizmlar odamlarni majburiy ravishda kontent tomosha qilishga undashi va o‘zini nazorat qilish qobiliyatini pasaytirishini ko‘rsatadi.
Shuningdek, TikTok o‘z bahosida muhim ko‘rsatkichlarni, xususan, voyaga yetmaganlarning kechasi ilovada o‘tkazadigan vaqti, ilovani ochish chastotasi kabi majburiy foydalanish belgilarini nazoratsiz qoldirgan.
Komissiya TikTok’ning asosiy dizaynini o‘zgartirish zarur deb hisoblaydi. Masalan, cheksiz skroll funksiyasini ma’lum vaqtdan keyin to‘xtatish, foydalanuvchilarga ekran tanaffuslarini eslatib turish va tavsiya tizimini qayta moslashtirish taklif qilinmoqda.
Agar Komissiya yakuniy qarorida bu xulosalarni tasdiqlasa, TikTok’ga jahon bo‘yicha yillik daromadining 6 foizigacha jarima solinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok AQSHda ilovaning ishlashini davom ettirishga imkon beradigan Joint Venture LLC qo‘shma korxonasini tashkil etgani haqida xabar berilgan edi.
Farangiz Sunnatova
Live
Barchasi