TikTok asoschisi Xitoyning eng boy odami bo‘ldi
Bu qiziq
−
27 mart
7360ByteDance kompaniyasi asoschisi Chjan Imin endilikda Xitoyning eng boy odamiga aylandi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
“Bloomberg” milliarderlar indeksida uning boyligi joriy yilda 13,6 milliard dollarga oshib, 27 mart holatiga ko‘ra 57,5 milliard dollarga baholangani qayd etilgan.
Chjan Imin Xitoyning eng boy odamlari ro‘yxatida Tencent Holdings texnologik kompaniyasi hammuassisi Poni Ma (56,6 milliard dollar) va Nongfu Spring ichimlik suvlari va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniya rahbari Chjun Shanshanni (54,1 milliard dollar) ortda qoldirgan.
Osiyodagi eng boy odamlari ro‘yxatida Chjan Imin endilikda hindistonlik tadbirkorlar Mukesh Ambani (90,9 milliard dollar) va Gautam Adani (72,3 milliard dollar) dan keyingi uchinchi o‘rinni egalladi.
Chjan Iminning asosiy boyligi ByteDance texnologik kompaniyasidagi ulushiga bog‘liq. ByteDance TikTok va Douyin kabi mashhur platformalarga egalik qiladi. 2024 yil may oyida Chjan Imin kompaniyaning 21 foiz aksiyalariga egalik qilgan. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, ByteDance’ning foydalanuvchilari soni 1 milliarddan ortiq. 2023 yilda kompaniyaning daromadi 110 milliard dollardan oshgan.
ByteDance 2012 yilda Chjan Imin va Lyan Rubo tomonidan tashkil etilgan. Kompaniyaning bosh qarorgohi Pekin shahrida joylashgan. 2021 yilda Chjan Imin bosh ijrochi direktor lavozimidan iste’foga chiqqan, bir necha oy o‘tib esa, boshqaruv kengashi raisi lavozimini ham tark etgan.
Xitoyda ByteDance sun’iy intellekt sohasining yetakchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning sun’iy intellektga asoslangan Doubao chat-boti 75 million faol foydalanuvchiga ega. Shuningdek, kompaniya tasvirlarni tanib olish modeli bozor o‘rtacha narxidan 85 foiz arzonroq ekanini va DeepSeek bilan taqqoslash mumkinligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilda eng boy 500 kishining umumiy boyligi 10 trillion dollardan oshishi xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sish bo‘yicha dastlabki o‘rinlarni Ilon Mask, Mark Sukerberg va Jensen Huang egallamoqda. Ular Tesla, SpaceX, Meta va Nvidia kompaniyalarini boshqaradi. Ulardan keyin Oracle kompaniyasining asoschisi va sobiq bosh ijrochi direktori Larri Ellison, Amazon asoschisi Jeff Bezos, Dell rahbari Maykl Dell va Google asoschisi Larri Peyj va Sergey Brin kelmoqda.
LiveBarchasi