TikTok AQSH nazoratiga o‘tadi: Tramp tegishli farmonni imzoladi
Olam
−
26 Sentabr 2390 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp TikTok bo‘yicha bitimga oid farmonni imzoladi. Shu orqali kompaniya Amerika korporatsiyalari nazoratiga o‘tadi va mamlakat hududida faoliyatini davom ettira oladi. Hujjatni imzolash jarayoni Oq uy tomonidan jonli efirda namoyish etildi.
Kompaniya 14 milliard dollarga baholandi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, TikTok endi amerikaliklarga qarshi “targ‘ibot quroli” sifatida ishlatilmaydi.
“Biz amerikaliklarning ma’lumotlar maxfiyligini qonunda belgilanganidek himoya qilayotganimizga ishonch hosil qilishni istadik. Biz bunga erishdik. Albatta, buning ustida ishlashda davom etamiz. Ammo ushbu bitim amerikaliklar TikTok’dan avvalgidan ko‘ra ko‘proq ishonch bilan foydalanishi mumkinligini anglatadi”, deydi Vens.
“Reuters” manbasiga ko‘ra, bitim quyidagilarni o‘z ichiga oladi: AQSHdagi foydalanuvchilarning barcha ma’lumotlari Oracle boshqaruvidagi mahalliy tizimda saqlanadi, TikTok algoritmi esa himoyalanadi, qayta o‘qitiladi va ByteDance nazoratisiz AQSHda ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSH yoshlari “juda saqlab qolishni xohlagan” bir kompaniya borasida kelishuvga erishilganini bildirgandi. AQSH Prezidenti “Fox News”ga bergan intervyusida bu bitimda investor sifatida milliarderlardan Larri Ellison, Maykl Dell va Merdoklar oilasi ishtirok etayotganini aytib, “katta summa” haqida gapirgan.
Joriy yilning 16 sentyabr kuni esa Tramp yanvardan beri to‘rtinchi marta TikTok’ni bloklash muddatini cho‘zdi. AQSH hukumati ilova Xitoy kompaniyasi nazoratida bo‘lgani uchun uni milliy xavfsizlikka tahdid deb baholagandi.
Live
Barchasi