Oqilov Hukumat farmoyishidagi faktga qarshi chiqdi: O‘zbekistonda ikkinchi to‘lqin boshlanmagan
Jamiyat
−
03 avgust 2020
17767Joriy yilning 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 329-sonli farmoyishda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqini boshlangani aytilgan edi. Biroq, bugun, 3 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus shtab a’zosi Habibullo Oqilov Hukumat farmoyishidagi faktga qarshi chiqib, mamlakatda koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlanganini rad etdi.
Oqilovga koronavirusning birinchi to‘lqini qachon tugaydi degan savol bilan murojaat qilindi. Mas’ul ushbu savolga quyidagicha javob berdi:
“Ikkinchi to‘lqin boshlanishi uchun birinchisi tugashi kerak. Birinchi to‘lqin qachon tugaydi desak bo‘ladi, qachonki oxirgi bemor klinikadan chiqib ketgandan keyin birorta bemor qolmaganda, birinchi to‘lqin tugagan bo‘ladi. Undan keyin muayyan muddat ichida yangi bemor aniqlansa, shunda ikkinchi to‘lqin deyiladi. Shuning uchun ikkinchi to‘lqin haqida gapirishga bizga juda erta”.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar ayni vaqtda 26 066 nafarni tashkil etmoqda. 16 838 nafari sog‘aygan, 157 nafari vafot etgan.
LiveBarchasi