Tezkor: “Tonirovka” narxi belgilandi
Jamiyat
−
29 iyun 2022
113544O‘zbekistonda avtomobillarning old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsat berganlik uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari yoki amaldagi BHMga ko‘ra, 2 million 400 000 so‘m etib belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Avtotransport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Qaror bilan joriy yil 1 iyuldan boshlab yengil avtotransport vositalarining orqa yon oynalari tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma olish tartibi bekor qilinmoqda.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning yengil avtotransport vositalari old yon oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berganlik uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari etib belgilanmoqda.
Shunday tartib o‘rnatilyaptiki, unga muvofiq joriy yilning 1 sentyabridan boshlab:
a) ishlab chiqarilganiga o‘n yilgacha bo‘lgan jismoniy shaxslarga tegishli yengil avtomototransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi;
b) yengil avtomototransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishning quyidagi muddatlari belgilanadi:
ishlab chiqarilganiga o‘n bir yildan o‘n to‘rt yilgacha bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari – ikki yilda bir marta;
ishlab chiqarilganiga o‘n besh yil va undan ortiq bo‘lgan yengil avtomototransport vositalari – bir yilda bir marta.
Bunda mazkur muddatlar tijorat asosida yo‘lovchilar tashish faoliyatida foydalaniladigan yengil avtomototransport vositalari uchun tatbiq etilmaydi.
Avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan bir qatorda ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan ham amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Qarorda Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar oynalari tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsat berilgan avtotransport vositasiga bo‘lgan egalik huquqi o‘zgarganda, davlat raqami belgisi almashtirilganda yoki avtotransport vositasi egasining ma’lumotlarida o‘zgarish bo‘lganda avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini avtomatik tarzda saqlab qolish tartibini joriy etishi belgilandi.
LiveBarchasi