Tezkor: Prezident xonanda Ozoda Nursaidovani kechirdi

Madaniyat-san’at

image

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘laroq ish boshlagan ilk kunlardanoq norasmiy taqiq ostida bo‘lgan madaniyat va san’at, adabiyot sohasi vakillarining bag‘riga shamol tegdi. Yillab “zapret”da bo‘lgan san’atkorlarga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi. Biroq, ular orasida birgina xonanda Ozoda Nursaidovaga bu baxt nasib etmagandi. Shu kungacha Ozoda Nursaidova O‘zbekistonda 10 yildan ortiq “zapret”da qolayotgan san’atkor edi. Bugun, 13 oktyabr kuni unga qo‘yilgan taqiqlar ham olib tashlandi. 

Joriy yilning 10 oktyabr kuni xonanda Ozoda Nursaidova (Saidzoda) “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga o‘z ijodini keng targ‘ib qilish va faoliyatini qonuniy tarzda yuritish maqsadida konsert-tomosha faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya so‘rab murojaat qilgan. 

Shu munosabat bilan bugun, 13 oktyabr kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida ustoz san’atkorlar ishtirokida ochiq muloqot tarzidagi davra suhbati tashkil etilib, unda xonanda Ozoda Nursaidovaning murojaati muhokama qilingan.  

Davra suhbatida xonandaning bundan bir necha yillar oldin siyosiy xatoga yo‘l qo‘ygani, bilib-bilmay, asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib inson shaxsiyatiga teguvchi noo‘rin fikrlar bildirgani, bundan tashqari, muxlislarga nisbatan hurmatsizlik qilgani, san’atkor odobi doirasidan chetga chiquvchi harakatlar sodir etgani ustozlar tomonidan qattiq tanqid qilindi. 

Shundan keyin xonanda Ozoda Saidzodaning o‘zi ham so‘zga chiqib, xatolarini tan olib, bundan bir necha yillar oldin bilib-bilmay, asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib, hissiyotlarga berilib, jamoatchilik orasida o‘zining noo‘rin fikrlarini ommaviy axborot vositalari orqali bayon etganidan astoydil pushaymon ekanligini bildirib, shuncha vaqt ichida o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargani, imkoniyat berilsa, bundan keyingi faoliyatida milliy estradani rivojlantirishga, o‘zining qo‘shiqlari bilan xalqqa xizmat qilishga va’da berdi. 

So‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan va xalqdan hamda barcha san’atkorlardan uzr so‘rab, uni kechirishlarini, yana bir bor unga imkoniyat berishlarini iltimos qildi. 

Davra suhbati yakunida barcha ustoz san’atkorlarning fikrlari tinglanganidan so‘ng, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahorov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining san’at ahliga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehribonligi hamda kechirimliligi bois garchi xonanda Ozoda Saidzoda tomonidan o‘z vaqtida noo‘rin fikrlar bildirilganiga qaramasdan, Prezident tomonidan bugun uning kechirilgani hamda erkin ijod qilishiga imkoniyat yaratilgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1036

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing