Tezkor: Chorvoq suv ombori ostidan qabriston va odam suyaklari topildi
3-sahifa
−
28 mart 2023
31691Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “Chorbog‘” (Chorvoq) suv ombori qirg‘oqlarida odam suyaklari topildi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, bu yerlarda tarixiy qabriston bo‘lib, u suv ombori ostida qolib ketgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga xabar berdi.
Gap shundaki, 27 mart kuni soat 21:00 da ijtimoiy tarmoqlarda "Chorbog‘" suv omborida suv satxining pasayishi oqibatida yuzaga chiqib qolgan odam suyaklari tasviri tushirilgan videolavha tarqalgan. Videoda tasvirlangan holat bo‘yicha Bo‘stonliq tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv boshlangan.
"Aniqlanishicha, ushbu qirg‘oqda bundan bir necha yillar avval, Bo‘stonliq tumanidagi “Bolodala” MFY hududida joylashgan “Bezgati bog‘” qabristoni bo‘lganligi, ushbu qishloqda yashovchi aholi shu qabristonga dafn etilganligi, “Chorbog‘” suv omborida suv sathining ko‘tarilishi natijasida “Bolodala” MFY hududida joylashgan “Bezgati bog‘” qabristoni suv ostida qolib ketganligi, hozirda suv sathi pasayganligi sababli, qabristondan odam suyaklari yuzaga chiqqanligi aniqlandi", deydi Bosh prokuratura voizi Shamsutdinov.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijasida “Chorbog‘” suv omborida har yilning boshida suv sathi pasayishi ortidan bunday holatlar kuzatilib turilishi ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi aytildi.
LiveBarchasi