Terrorizm, noqonuniy migratsiya, Rossiya-Ukraina urushi... Erdo‘g‘an TDTda nimalar haqida gapirdi?
Jamiyat
−
11 noyabr 2022
6344Turkiya turkiy davlatlar bilan barcha sohalarda faol hamkorlik qilishga tayyor. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 11 noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo, transport va energetika sohalari TDT doirasidagi o‘zaro hamkorlik uchun ayniqsa ahamiyatlidir.
“Mamlakatlarimiz strategik muhim yo‘nalishlar chorrahasida joylashgan, jumladan, energetika sohasida. Baku-Tbilisi-Jayhon neft quvuri loyihasi global miqyosdagi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biridir. Biz qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘an, Turkiy investitsiya fondini yaratish loyihasini tez orada amalga oshirish, shuningdek, ilmiy sohadagi hamkorlikka tayanish zarurligini qayd etdi.
Turkiya Prezidenti Janubiy Kavkazdagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Anqara qardosh Ozarbayjonni mintaqada tinchlik o‘rnatish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashini, Baku bilan birga [hududlarni bosib olish uchun] adolatli kurash olib borishini ta’kidladi.
U Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasida 9 oydan beri davom etayotgan urush mavzusiga ham e’tibor qaratdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara adolatli tinchlikka erishish orqali jangovar harakatlarni tugatishga harakat qilmoqda. Ayni paytda Turkiya tomoni global oziq-ovqat inqirozining oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rmoqda.
Turkiya davlati rahbari terrorizm, jumladan, Fathulloh Gulen terror tashkiloti (FETO)dan kelib chiqadigan davlatlar xavfsizligiga tahdid masalasiga ham to‘xtaldi.
“Biz bu jinoiy va josuslik tarmog‘iga qarshi kurashda birodarlarimizga ishonamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Davlat rahbari migratsiya inqirozi mavzusiga alohida to‘xtalib, 2014 yildan buyon Turkiya eng ko‘p muhojirlar qabul qilingan davlat ekanini ta’kidladi.
“Biz buni noqonuniy migratsiya oqimlarining oldini olish va tartibga solish masalasida muhim xalqaro hamkorlik deb bilamiz”, deydi Erdo‘g‘an.
LiveBarchasi