Terror tahdidi haqidagi ma’lumotlarimiz aniq, o‘z vaqtida va ishonchli edi – AQSH elchisi
Olam
−
30 mart
6701AQSHning Rossiyadagi elchisi Lin Treysi Vashington Moskva bilan terror tahdidi haqidagi razvedka ma’lumotlarini o‘rtoqlashgani bilan bog‘liq rasmiy bayonot berdi. Amerika elchisi roppa-rosa bir hafta avval “Krokus Siti Holl”da yuz bergan fojia munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirdi.
“Men shuni aytmoqchimanki, Qo‘shma Shtatlar terrorizmning barcha ko‘rinishlarini so‘zsiz qoralaydi. 11 sentyabrdagi teraktlardan so‘ng AQSH bilan birinchi bo‘lib Rossiya aloqaga chiqqanini eslaymiz. Mamlakatimizning terrorizmga qarshi kurash tajribasidan kelib chiqqan holda, bizda tinch aholiga xavf tug‘ilganda ma’lumot almashish imkonini beruvchi uzoq yillik “ogohlantirish mas’uliyati” siyosati mavjud. Va nafaqat ittifoqchilar bilan, balki bizda chuqur kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin bo‘lgan davlatlar, jumladan, Rossiya bilan ham”, deya eslaydi Lin Treysi.
Amerikalik diplomatning aytishicha, bir qancha rossiyalik amaldorlar AQSH hukumati shu oy boshida Rossiya xavfsizlik xizmatlariga ISHID tahdidlari bo‘yicha taqdim etgan ma’lumotlarning foydaliligini buzib ko‘rsatgan va ochiqchasiga rad etgan.
“Faktlar shundan iboratki, Rossiya rasmiylariga taqdim etilgan yozma ma’lumotlar aniq, o‘z vaqtida va ishonchli edi. ISHID o‘tgan hafta “Krokus Siti Holl”ga uyushtirilgan dahshatli hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. ISHID butun dunyo bo‘ylab razvedka idoralariga 2022 yilda Rossiyaning Qobuldagi elchixonasi portlashlari kabi vahshiyona va zo‘ravonlik harakatlari, jumladan rossiyaliklarga qarshi oldingi hujumlar tarixiga ega terrorchi tashkilot sifatida yaxshi tanilgan”, deydi elchi Treysi.
AQSH elchisining ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar "ko‘p yillar davomida Rossiya hukumati bilan tahdid ma’lumotlarini baham ko‘rgan" va buni davom ettiradi, shuningdek, Rossiya hukumatining “Krokus Siti Holl”dagi teraktni tergov qilishda yordam so‘ragan murojaatlariga javob beradi.
“Hech narsa o‘tgan haftadagi voqealarning fojiali mohiyatini o‘zgartira olmaydi yoki vafot etganlarni qaytarmaydi. Va biz chin dildan umid qilamizki, rus xalqi keyingi bir necha kun va haftalar ichida o‘z hayotini davom ettirish uchun kuchga ega bo‘lib, tinchlik topib, o‘zini tiklaydi”, deydi AQSHning Rossiyadagi elchisi Lin Treysi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 7 mart kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi Moskvadagi ehtimoliy teraktlardan ogohlantirgan edi. 22 mart kuni Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” majmuasida sodir etilgan terakt oqibatida kamida 140 nafar odam halok bo‘ldi, 360 dan ortiq kishi turli darajada jarohat oldi. Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiyaga bu mamlakatdagi terror tahdidi haqida oldindan yozma ogohlantirish yuborganini aytdi.
LiveBarchasi