Termizdagi “Alpomish” majmuasining tomi qulaganmi yoki qulatilgan? Hokimlik javob berdi
Jamiyat
−
10 may 2022
7794Xabaringiz bor, joriy yilning 5 may kuni Termiz shahridagi “Alpomish” sport majmuasining tomi qulab tushgandi. Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, majmua 1999 yilda qurilgan bo‘lib, keyingi yillarda bir necha marta rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Joriy yilning fevral oyida esa hokimlik topshirig‘iga asosan binoning tom qoplamasi viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilgan hamda “Kislovodsk” tipidagi fazoviy metall konstruksiyali ushbu tom qoplamasining texnik holati qoniqarsiz ekani, kapital ta’mirlash ishlarini bajarish lozimligi to‘g‘risida xulosa berilgan.
Inspeksiya xulosasi inobatga olingan holda umumiy maydoni 2 800 m kv bo‘lgan kurash zali tom qismini “Kislovodsk” tipidagi fazoviy metall konstruksiyalarni loyihalash, ishlab chiqarish va qurishga ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb qilgan holda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.
Shunga muvofiq, tom qismida yig‘ma temir-beton ko‘p bo‘shliqli yopma plitalardan bajarilgan ishlar butunlay yaroqsiz holatga kelgani, ta’mirlash foydasizligi, shuningdek, murakkab konstruktiv yechimli, katta hajmli (taxminan 1 700 metr-kvadrat) tomni alohida-alohida buzib olishning imkoni yo‘qligi sababli uni qulatish va zamonaviy uslubda tubdan yangilashga kirishilgan.
Yakka kurash sport turlariga ixtisoslashgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi rahbariyati bu haqda avvaldan ogohlantirilgani, kapital ta’mirlash yakuniga yetgunga qadar foydalanuvchilar boshqa joyda mashg‘ulotlar o‘tayotgani sababli qulatish jarayonida hech kim zarar ko‘rmagan.
Ayni paytda beshikast qulatilgan murakkab metall konstruksiyani quruvchilar joyida buzib olmoqda.
LiveBarchasi