Termizda PPX xodimini mashina kapotida “sayr qildirgan” haydovchi “tez yordam” bilan to‘qnashdi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi mashinasi kapotiga yo‘l-patrul xizmati xodimi olisib qolgan bo‘lsa ham, harakatni davom ettirgani aks etgan video tarqaldi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, bu holat kecha, 7 avgust kuni Termiz shahrining Islom Karimov ko‘chasida sodir etilgan. 

Viloyat IIB Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi PPX bataloni 1-otryad safdor xodimi Sh.Rahimov hamda viloyat IIB YHXB yo‘l-patrul xizmati otryadi 1-safarbar guruhi inspektori safdor Sh.Nazarov tasdiqlangan rejaga asosan Termiz shahri I.Karimov ko‘chasida xizmat olib borayotgan vaqtida Matiz rusumli avtomashina svetoforning taqiqlangan chirog‘ida harakatlanib kelgani uchun to‘xtatilgan.

YPX xodimi haydovchidan avtomashinani chetga olishini va hujjatlarini taqdim etishini so‘ragan. Shunda haydovchi PPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan yo‘lini to‘sib chiqqan YPX xodimining ustiga qarab harakatlanadi. 1983 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan haydovchi U.K. PPX xodimi mashinasining kapotiga osilib qolganiga qaramay harakatni davom ettirgan.

Vaziyatga guvoh bo‘lib turgan Damas haydovchisi Matiz`ning yo‘lini to‘sib qo‘yib, taksi haydovchisining noqonuniy harakatlariga chek qo‘yishga harakat qilgan, biroq Matiz haydovchisi unga chap berib harakatni davom ettirgan. Bu orada PPX xodimi tezlik pasayganidan foydalanib, mashina kapotidan tushib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, Matiz ko‘p o‘tmay Surxondaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga tegishli bo‘lgan Damas rusumli tez yordam mashinasi bilan YTH sodir etadi.

Ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv o‘tkazilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

YTH Termiz

Baholaganlar

338

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing