Terma jamoaning o‘yini uchun O‘zbekiston chempionati o‘yinlari boshqa sanaga ko‘chirildi

Sport

image

2-10 iyun sanalari FIFA kunlari sifatida belgilangan bo‘lib, uning doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyun kuni Abu Dabida BAA hamda 10 iyun kuni Toshkentda Qatar termalariga qarshi maydonga tushadi. Bo‘lajak o‘yinlarga O‘zbekiston terma jamoasi tayyorgarlikni ertaroq boshlamoqchi va shu munosabat bilan O‘zbekiston chempionatining 12-tur bellashuvlari boshqa sanaga ko‘chirildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi (O‘zPFL) matbuot xizmati xabar berdi.

“BAA bilan uchrashuv mamlakat futboli tarixiga kirishi mumkin. Mazkur uchrashuvdagi durang natija ham jamoamizni mundial sari yetaklaydi. Shundan kelib chiqib, bosh murabbiy Temur Kapadze Abu Dabidagi bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirgan. Jumladan, terma jamoamiz safarga odatdagidan ertaroq yo‘l olib, tayyorgarlikni Amirliklarda davom ettirishni maqsad qilgan”, deyiladi xabarda.

Ma’lumki, may oyining so‘nggi 10 kunligida legioner futbolchilar ham terma lageriga ertaroq yetib kelishi mumkin. Bu o‘z navbatida Kapadzega jamoani ertaroq yig‘ish imkoniyatini taqdim etadi. Shundan kelib chiqib, assotsiatsiya va liga o‘zaro kelishgan holda Superliganing 12-tur bellashuvlarini ham FIFA kunidan keyinga ko‘chirishga qaror qildi. Bu o‘z navbatida Superligada ishtirok etayotgan futbolchilar terma ixtiyoriga ertaroq yetib borishini ta’minlaydi. 

Bunda Superliga o‘yinlarining dam olish kunlariga to‘g‘ri kelishi va kubok uchrashuvlari hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tishi prinsipi saqlab qolingan bo‘lib, mamlakat kubogining 1/4 final bosqichi avgust oyiga ko‘chirilgan. 

“Ishonamizki, mamlakatimiz bosh jamoasi iyun oyida barcha o‘zbekistonliklar uchun mundial chiptasini sovg‘a qiladi”, deyiladi manba xabarida.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Superliga Temur Kapadze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing