Terma jamoadagi faoliyatimni yakunlashga tayyor edim – Ronaldu
Sport
−
23 mart 2023
3010Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu termaning yangi bosh murabbiyi Roberto Martinesdan olgan taassurotlari va termadagi bo‘lajak faoliyatiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda COPE nashri xabar berdi.
“Rostini aytaman, terma jamoadagi faoliyatimni yakunlashga tayyor edim. Men va oilam bu haqda o‘ylab ko‘rdik, lekin keyin tushundikki, qiyinchiliklarga qaramay, taslim bo‘lmaslik kerak. Men vaziyatga turli tomonlardan qaradim. Ko‘p narsani o‘rgandim va qaytib kelganimdan xursandman. Jamoada hozir yaxshi kayfiyat hukmron. Bizni oldinda yaxshi natijalar kutmoqda. Mashg‘ulotlardagi intensivlik juda yaxshi, Martines boshqacha uslubga ega murabbiy. Ishonchim komilki, biz Yevropa chempionati saralashidan muvaffaqiyatli o‘tamiz va Portugaliya yanada hujumkorroq o‘yin ko‘rsatadigan jamoa bo‘ladi”, deydi Ronaldu.
Futbolchi yangi murabbiyning uslubi va terma jamoadagi kelajagi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Martines qo‘l ostidagi mashg‘ulotlar juda dinamik ruhda kechdi, tanaffuslar uncha ko‘p bo‘lmadi. Men terma jamoada o‘ynashni yaxshi ko‘raman va jamoam meni qimmatli futbolchi sifatida ko‘rar ekan, har doim bor kuchimni sarflashga tayyorman. Bu mening uyim va bu yerda o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Hozir yaxshi formadaman va o‘ynashga tayyorman”, deya qo‘shimcha qildi futbolchi.
FIFA kunlarida Portugaliya terma jamoasi Yevro-2024 saralashi doirasida Lixtensheyn va Lyuksemburg termalariga qarshi bahs olib boradi. Martines shogirdlarining Lixtensheynga qarshi o‘yini ertaga, 24 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi