Tergovchilar meni ham shubhalantirdi – Toshxo‘jayev 12 yashar bola qurbon bo‘lgan YTH bo‘yicha brifing o‘tkazdi
Tahlil
−
12 Oktabr 2019
16435Joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumani 11-mavzesida ayol haydovchi va 3 nafar bola ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi jamoatchilik e’tiborini tortdi. YTH natijasida 12 yoshli bola halok bo‘lgan edi.
Ushbu holat bo‘yicha Yunusobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Oradan to‘rt oy vaqt o‘tdi. Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda tergovga nisbatan ishonchsizlik aks etgan turli ma’lumotlar tarqaldi. “Ayol qamoqqa olinmadi, tergov boshqa yo‘nalishda ketmoqda, oqibatda bola o‘zini o‘zi avtomobil tagiga otgan bo‘lib chiqadi”, deyiladi izohlardan birida.
Bu kabi izohlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga qadar yetib bordi. Vazir o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayevga ushbu jinoyat ishi bilan alohida shug‘ullanish va adolat qaror topishini shaxsan nazorat qilishni topshirdi.
Kuni kecha Toshkent shahar IIBB mazkur YTH bo‘yicha o‘tkazilgan tergov natijalari va voqeaga aloqador boshqa tafsilotlarni ochiqladi. OAV xodimlari, voqeaga guvohlik qilganlar, marhumning oila va’zolari va yaqinlari, shifokorlar ishtirokida o‘tgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ishtirok etib, tergovga oid ma’lumotlarni ochiqladi. Brifing marhum xotirasi uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
Toshxo‘jayev mazkur jinoiy ish bo‘yicha tergovni shaxsan olib bormagani, ishni bilvosita nazorat qilib turganini aytib o‘tdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari tergovchilar biror ish doirasida surishtiruv o‘tkazayotganda 90 foiz holatda vaziyatni to‘g‘ri malakalaganiga ishonib, ba’zi “nyuans”larni chetda qoldirishini ta’kidladi.
“Joriy yilning 4 iyun kuni soat 18:26 larda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi jinoyat. U katta “rezonans”ga sabab bo‘ldi. Jabrlangan uchun yopiq bo‘lgan tergov jarayoni noxolis ketayotgani, amalga oshirilgan harakatni og‘irlashtiruvchi qandaydir guvohlar, ko‘rsatmalar, ashyoviy dalillar borligi haqida tasavvur uyg‘onishiga sabab bo‘ldi. Bu vaziyatda jabrlanuvchi tomonda haqiqatni yuzaga chiqarish uchun u yoki bu dalil, holat va shubhalarni qayta tekshrishni so‘rab rasmiy murojaat qilishga barcha asoslar bor edi. Afsuski, Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limining Tergov bo‘limi bunday qilmadi hamda jabrlanuvchilarni e’tiborsiz qoldirib, tergov organiga nisbatan shubhani ortishiga sabab yaratdi”, deydi Doniyor Toshxo‘jayev.
Vazir o‘rinbosari so‘zida davom etib, Mixail Olegovich (jabrlanuvchilardan biri) Facebook`dagi sahifasi orqali Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat yo‘llaganini qayd etdi:
“O‘sha kuni kechasi Po‘lat Razzoqovich menga qo‘ng‘iroq qildi va zudlik bilan vaziyatga oydinlik kiritishimni hamda Mixail Olegovichga aloqaga chiqib, imkon darajasida o‘zim u bilan uchrashib, holatni tushuntirishimni aytdi. O‘sha vaqtda surishtiruvni tingladim. Bungacha vaziyatdan mutlaqo bexabar edim deyolmayman. Vaziyatning shu darajaga kelishida mening ham xatoim bor”, deb ta’kidladi Toshxo‘jayev.
U bundan avval Yunusobod tuman IIBda shu masala yuzasidan brifing o‘tkazilganini, unda tergov guruhi rahbari shaffof surishtiruv o‘tkazishga, surishtiruv yakunlangach, vaziyat bo‘yicha batafsil ma’lumot berish uchun yana shunday brifing o‘tkazilishiga va’da berganini xotirlatdi.
“Ammo bu amalga oshmadi. Surishtiruv tezkorlik bilan yakunlanib, ish prokuraturaga yuborildi. Tan olaman, tergovchilarning bu harakati menda ham biroz shubha tug‘dirdi. Aytish olish og‘ir, ammo qandaydir noto‘g‘ri protsessual choralar va ishni noto‘g‘ri malakalash holati bor edi. IIV Tergov departamenti ishni o‘ziga olib, 28 yoki 29 avgust kuni surishtiruv boshladi”, deydi Doniyor Toshxo‘jayev.
Vazir o‘rinbosari brifingda qatnashayotgan jabrlanuvchi oilasining roziligi bilan dastlabki tergovdan keyin ko‘ndalang turib qolgan savollar haqida ma’lumot berdi.
“Mixail Olegovich bilan uchrashganimda, u mendan “tergovchi o‘z izohida ayblanuvchi yo‘lning harakat qismidan ketayotganini yozgan, bu qanchalik to‘g‘ri? Axir, bu yo‘lka-ku (trotuar)”, deb so‘radi. Bu ham tergovchining xatosi. U “yo‘q, bu yo‘lning harakat qismi, men yuristman, 15-20 yillik tajribam bor”, deb e’tirozni qo‘pol tarzda e’tiborsiz qoldirdi. Quloq solsangchi, ey odam, agar yo‘l trotuarmi-yo‘qmi, u yerda avtomobil harakatlansa bo‘ladimi, bilolmayapsanmi? Mutaxassisga murojaat qil. Tergov departamenti mutaxassisdan so‘radi. U YTH yuz bergan yo‘l massiv yo‘llar orasidagi ichki yo‘llar turkumiga kirishini aytdi. Javob Mixail Olegovich uchun chidasa bo‘ladigan edi. Tergovchi esa uning na rasmiy, na og‘zaki murojaatiga javob bergan”, dedi vazir o‘rinbosari.
Doniyor Toshxo‘jayev fikrini davom ettirib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir masalaga to‘xtalib o‘tdi. Bu ham bo‘lsa, videoregistratordan olingan videoning originalligi bo‘yicha jabrlanuvchi tomonning shubhalari va tergovchining bunga odatdagidek sovuqqon munosabatda bo‘lib, e’tiborsiz qoldirishi.
“Tergovchi videoyozuvni ko‘rsatyapti. Jabrlanuvchi tomoni va ularda video bo‘yicha shubha paydo bo‘lyapti. Ekspertiza o‘tkaz, vassalom. Yo‘q, u ahmoqlardek, shunchaki e’tibor qaratmayapti. Hech bo‘lmaganda Jinoyat-protsessual kodeksi bo‘yicha asosli rad javobi ham bermagan. Tergovchi buni inobatga olmagan jabrlanuvchi tomon qanday o‘ylashi kerak?! Har qanday normal odamda shubha tug‘iladi. Ish bo‘yicha 3 nafar guvoh ham bor. Ular 3 marta bosib ketish holati bo‘lganini tasdiqlagan. Avtomobil dastlab borib urilgan, keyin ortga silkinib yana oldinga harakatlangan va bu holat yana takrorlangan”, deydi Toshxo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holni yuristik jihatdan baholasa, “jinoyat ehtiyotsizlik oqibatida yuz bergan” deb malakalanmaydi, aksincha, qasddan deb hisoblanadi. Bunday vaziyatda esa tergov jaayonida shaffoflikka e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.
“Biz shunday qildik. Fonografik ekspertiza tayinladik. Natijada videoregistratordan olingan tasvirlar montaj qilinmagani oydinlashdi. Ammo bizda 2-3 marta bosilganini ko‘rgan guvohlarimiz bor edi. Biz Mixail Olegovichni taklif qildik va har bir detalni qayta-qayty ko‘rib chiqdik. Menda ham ba’zi shubhalar bor edi. Men sizlarning guvohligingizda Mixail Olegovichning o‘zidan bo‘lgan voqeani yana bir bor eshitishni xohlardim. Chunki, ekspertizadan keyin biz ko‘rishmadik, balki uning fikri o‘zgargandir”, dedi Toshxo‘jayev jabrlanuvchi tomonga ishora qilib.
U so‘zida davom etib, mazkur YTH bo‘yicha jamoatchilik orasida “rezonans” yuzaga kelgani va ichki ishlar organi hamda xodimlari sha’niga nisbatan juda keskin va og‘ir gaplar aytilganini bildirib, bularga barham berish uchun alohida bir brifingga ehtiyoj bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.
“Bu yerga haqiqatni yuzaga chiqarish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilganimizni ko‘rsatish va vaziyatga oydinlik kiritish uchun to‘plandik. Biz tergovchi organ sifatida jabrlanuvchi tomonda ham, ayblanuvchi tomonda ham bo‘lmaymiz. Biz Jinoyat-protsessual kodeksi bo‘yicha qilishimiz kerak bo‘lgan ishlarni bajaruvchi betaraf masofadamiz. Afsuski, jabrlanuvchi tomonni shubhaga soluvchi juda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yildi. Ular barchasini birinchi instansiyada qonunan hal qilish mumkin bo‘lgan bir vaqtda vazirga murojaat qilishga majbur bo‘ldi”, deb qayd etdi Toshxo‘jayev.
Vazir o‘rinbosari YTH yuz bergan vaqtda avtomobil ichida haydovchi ayolning ikki nafar voyaga yetmagan qizi bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, guvoh Sergey ismli fuqaro videoni ko‘rmasdan avval mashina jabrlanuvchilarni ikki marta bosgani haqida ko‘rsatma berganini aytib o‘tdi.
“Guvohlarning aytishicha, u (Sergey) ikkinchi zarbadan keyin mashina oldiga kelib, uning old oynasiga ura boshlagan va haydovchi avtomobilni ortga olishi uchun baqirgan. Sergeyning o‘zi esa mashina old oynasiga emas, kapotiga urganini aytdi. Biroq videoregistrator tasvirini ko‘rgach, Sergey “mashinani ol”, deb so‘rash va ikkinchi marta tepkini bosish holati bo‘lmaganiga ishonch xosil qildi”, dedi Doniyor Toshxo‘jayev. Vazir o‘rinbosari guvoh o‘zi karaxt holatda bo‘lgani va nimalar qilganini eslay olmasdan, atrofdagilar unga nima degan bo‘lsa, shu bo‘yicha ko‘rsatma berganini qo‘shimcha qildi.
Jabrlanuvchi tomon vakili Mixail Olegovich sud-tibbiy ekspertizasi xulosasi yuzasidan o‘z e’tirozini bildirdi. Xulosaga ko‘ra, Olegovichning jiyani qovurg‘asidan jarohat olgan, boshqa jabrlanuvchilar esa oyoq sinishi jarohatini olgan. Ekspertiza vakili bu iddaoga quyidagicha javob qaytardi:
“Haqiqatda bunday vaziyatni tekshirish juda qiyin. O‘sha bola (YTH qurboni bo‘lgan bola) ko‘krak qafasi va oyoqlarida aralash turdagi jarohat olgandi. Qovurg‘alaridagi sinish va o‘pkaga zarar yetishi oqibatida ichki qon ketishi yuzaga kelgandi. Ammo mazkur ekspertiza xulolasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan barcha normalarga javob beradi. Mazkur ekspertiza bosqichida jasad suratga olinadi. Bizning ekspertlar ham to‘laligicha belgilangan tartibda ishladi, deyolmayman. Chunki bizda kadrlar yetishmovchiligi mavjud. Hozirgi kadrlar orasida yosh, tajribasizlar ham bor. Biroq ekspertiza xulolasi belgilangan tartiblar va normalar doirasida berildi. Uning ba’zi kamchiliklari bo‘lishi mumkin va lekin bu sud qaroriga ta’sir qilmaydi”, dedi ekspertiza vakili.
Marhumning oyog‘ida sinish jarohati bor-yo‘qligini bilishning hozirgi holatdagi yagona yo‘li eksgumatsiya bo‘lib, marhumning yaqinlari bunga rozi bo‘lmagan. Negaki unda ekspertizada mutaxassislar jasadni suratga olishi kerakligi ko‘rsatilgan bo‘lib, ular bu ishni qilmagan. Agar ular o‘z vazifasini bajarganda, eksgumatsiyaga hojat bo‘lmasdi. Shu taraflama jabrlanuvchi tomoni ekspertiza vakillari atayin suratga olmagandir degan fikrni ham qo‘shib o‘tdi.
Ichki ishlar vazirligi Profilaktika inspektorlari faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i Qosimjon Sultonov uy qamog‘ida saqlanayotgan YTH sababchisi Larisa Tolmachyovaga qo‘yilgan cheklovlar va ularning nazorati haqida ma’lumot berdi:
“Uchastka nozirlari har uch kunda uni uyda ekanini tekshirib bordi. Sud tomonidan ba’zi cheklovlar o‘rnatilgan. Bular: telefon orqali muloqot, soat 8:00 dan 18:00 gacha ishda, 19:00 dan 7:00 gacha uyda bo‘lish. Uchinchi cheklov bu yozishmalar qilishga aloqador bo‘ldi. Biz 6 iyundan 7 sentyabrgacha bo‘lgan qo‘ng‘iroqlar haqida ma’lumot oldik. Shu davrda 146 ta chiqish qo‘ng‘irog‘ini amalga oshirgan”, dedi Qosimjon Sultonov.
Jabrlanuvchi tomon abylanuvchining onasi, uchastka noziri, tergovchi va advokatdan tashqari odamlar bilan ham suhbatlashgani haqida isbot keltirdi.
“U siz aytgan odamlardan tashqari Yaroslavning onasi Lena bilan ham suhbatlashgan. Qaydi bor, demak sizlarda o‘sha ma’lumotlar yo‘q. U Albinaga, uning onasiga, Islomning o‘ziga ham qo‘ng‘iroq qilgan. Bunga uning ruxsati bormi?”, dedi Mixail Olegovich.
Vazir o‘rinbosari Toshxo‘jayev ayblanuvchining boshqa bir telefon raqami borligi sababli uni ham tekshirish kerakligini ta’kidladi.
“Tolmachyovaning ikkinchi telefon raqami bo‘yicha ham surishtiruv o‘tkazasiz, ungacha dastlabki tergovni yakunlamaysiz. Men sizdan o‘shanda internet, telefon va boshqalar cheklansin, deb so‘ragandim. Siz qizi, buvisining telefoni bor degandingiz. Hozir esa Tolmachyovaning o‘zida boshqa raqam borligi ma’lum bo‘ldi. Islomni ham qaytadan so‘roq qiling”, dedi Doniyor Toshxo‘jayev.
Jabrlanuvchi tomon ayblanuvchi ayol sud qaroriga zid ravishda uy qamog‘i tartibini buzib, taqiqlangan joylarga ham borayotganini ta’kidladi. Bunga Doniyor Toshxo‘jayev shunday javob qaytardi:
“Oldimizda ikki nafar voyaga yetmagan va bir nafar voyaga yetgan bola taqdiri hamda oila boquvchisi bo‘lgan ayolning jinoyatga qo‘l urgani masalasi turibdi. Izohlarga e’tibor qaratmoqchiman. Unda sud qarori bo‘lmasligi, biz ayolni “suttan chiqqan qoshiq” qilib ko‘rsatishimizni, buning uchun qandaydir “mukofot” olganimizni yozishyapti. Hozir bu eng muhimi emas. Ayni damda Mixail Olegovich va uning oilasi, shuningdek, meni ayblanuvchining qonunga zid harakat qilayotgani tashvishlantiradi”, dedi Toshxo‘jayev.
Shu o‘rinda protsessualist vaziyatga huquqiy baho berib, jabrlanuvchi tomonga ba’zi holatlarni tushuntirdi.
“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida tergovchi ehtiyot choralari qo‘llashi uchun majburiy talab yo‘q. Tergovchi ehtiyot chorasi ko‘rmaslik vakolatiga ega. Ba’zi holatlar borki, ular ehtiyot chorasi tanlashda inobatga olinishi kerak”, deydi mutaxassis.
Tadbir yakunida, protsessualist vaziyatga yanada yaxshi baho berish uchun jasadni eksgumatsiya qilish keraligini ta’kidladi.
Biroq marhumning yaqinlari bunga qarshilik bildirdi va ekspertizadan so‘ng, bolaning o‘pkasida kasalligi bo‘lgan, deb xulosa chiqarilishi nohaqlik ekanini ma’lum qildi.
Jamoatchilik e’tiboriga tushgan mazkur ish bo‘yicha tergov to‘laligicha shaffof o‘tishi, shundan so‘ng adolatli sud qarori chiqarilishini kutamiz.