“Tender chellenj” navbati Navoiyga: hokimlik mulozimining oilasi bir necha mlrdlik davlat buyurtmalarini yutgan

Jamiyat

image

Telegram’dagi “davletovuz” kanalining yozishicha, 2019 yilning 19 martidan Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasiga, ya’ni viloyatdagi qurilishlar bo‘yicha asosiy davlat buyurtmachisiga Bahodir Po‘latovich Mansurov rahbar etib tayinlanadi. Bahodir Mansurov oilasiga tegishli bo‘lgan “Mexrangez B-2002” MCHJ bir necha milliard so‘mlik davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan. 

Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Karmana tumani “Bog‘ishamol” MFY hududidagi 30-sonli maktabni rekonstruksiya qilish (240 o‘rinli o‘quv bloki qurish) ob’ekti bo‘yicha tender komissiyasi yig‘ilishi 2020 yilning 3 iyunida o‘tkazilgan. Qiymati 2 mlrd so‘mlik mazkur ob’ektning tender hujjatlariga Bahodir Mansurov komissiya raisi o‘rinbosari sifatida qo‘l qo‘yadi. Darvoqe, mablag‘lar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ajratilgan.

Bundan tashqari, Navbahor tumani 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi binosini mukammal ta’mirlash (125 o‘rinli blok qurilishi) ob’ekti ham “Mexrangez B-2002” MCHJga nasib qilgan. Qariyb 2,8 mlrd so‘mlik mazkur ob’ekt bo‘yicha tanlov komissiyasi majlisi 2019 yilning avgustida o‘tkazilgan. Tanlov komissiya raisi esa Bahodir Mansurov bo‘lgan. 

“Hozirgi kunda “Mexrangez B-2002” kompaniyasining barcha ulushi Saodat Omonovna Mansurovaga (bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra turmush o‘rtog‘i) tegishli bo‘lib, unga Mehrangez Bahodirovich Mansurov (bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra farzandi) rahbarlik qiladi”, deb yozadi kanal muallifi.

Ma’lumot uchun, Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi bosh muhandisi bo‘lib ishlagan A. Turdiyev hujjatlarga 2020 yilning iyul oyidan 2021 yilning yanvarigacha kompaniya direktori v.b. sifatida imzo qo‘yib kelgan. Yanvar oyidagi oxirgi aktual ma’lumotlar, jumladan, Davlat statistika qo‘mitasi saytining korxona va tashkilotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasida esa Bahodir Mansurov yana Navoiy viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi rahbari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Tender

Baholaganlar

387

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing