“Temurning Moskoviya ustidan o‘tmagani yanglish bo‘lgan”. Qodirov Smolinning iddaosiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
24 yanvar
21559Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov rossiyalik shovinist tarixchi Mixail Smolinning Markaziy Osiyodagi xalqlar, xususan, o‘zbeklar va qozoqlarning go‘yoki 1917 yildagi inqilobgacha bo‘lmagani haqidagi iddaolariga munosabat bildirdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida post qoldirdi.
“Qadimgi turkiy millatlar, jumladan, ularning eng mustahkam qo‘llaridan biri qarluqning boshi – o‘zbeklarning 3 ming yillik davlatchiligini oddiy inson bilmasligi mumkin, lekin tarixchiman degani bilmasa, bunday ilmsiz tarixchini e’tiborsiz qoldirish kerak”, deydi Qodirov.
U “3 ming yilning yetarlicha to‘g‘ri va yanglishlari bo‘lgan”ini aytar ekan, shunday xatolardan eng kattasi Amir Temurning Moskvani egallamagani bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
“Shu yanglishlarning eng kattasi, fikrimcha, qudratga to‘la davrida Temurning Moskoviyaning ustidan emas, yonidan o‘tib ketgani bo‘lsa kerak. Ustidan o‘tib ketganida, qayerdan kelganimizni muhokama qilish darajasida aqlsizlik qilishmagan bo‘lar edi”, deb ta’kidlaydi Alisher Qodirov.
Shuningdek, u xalqni birlashishga chaqirgan.
“Davlatchilik tajribamizning muhim xulosasi – el bo‘lmasdan o‘zimiz bilan o‘zimiz tortishaversak, yana zo‘ravonga qul bo‘lamiz!”, deya xulosa qiladi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova tarixchi Mixail Smolinning gaplarini “g‘alati” deb atagan va bu uning sub’ektiv fikri ekani hamda nima deyish “muallifning vijdoniga” havola ekanini aytgandi. O‘zbekiston Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev esa Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlayotganini, bu kabi ssenariylar Ukraina bosqinidan oldin ham qo‘llanilganini aytgandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr