Temir Mayk Toshkentda!

Sport

Amerikalik afsonaviy bokschi, og‘ir vaznda professionallar o‘rtasida barcha eng muhim kamarlarni qo‘lga kiritgan, Floyd Meyvezergacha dunyoning eng ko‘p maosh oladigan bokschisi bo‘lib kelgan Maykl Jerard Tayson Toshkentda bo‘lib turibdi. U 16 noyabrga o‘tar kechasi soat 2:30 larda Toshkent Xalqaro aeroportida keng jamoatchilik tomonidan qarshi olindi. Taxminan 20 soatlik parvozdan toliqib kelgan "Temir" Mayk O‘zbekistonda OAV bilan ko‘rishishni istamadi. O‘nga yaqin qo‘riqchilar kuzatuvi ostida QALAMPIR.UZ unga faqat bittagina savol bilan murojaat qilishga imkon topdi.

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan bu tadbirdan nimalar kutyapsiz?

“Men hozir aynan bir nima deya olmayman. Men bu yerda birinchi marta bo‘lishim. Yo‘q, uzr, O‘zbekistonga uchinchi marta kelishim. Bu yerdagi insonlarni bilaman. Eski do‘stlarim bilan ko‘rishaman deb umid qilyapman”, deydi Tayson.

Soat tungi uchga yaqinlashganiga qaramay Taysonning Toshkentga kelganidan ko‘pchilik xabar topdi va u katta olomon qurshovida mehmonxonaga yo‘l oldi. Harbiy orkestrning kuy-navolari-yu, chiroyli guldastalar Taysonni umuman qiziqtirmasdi, chunki u haqiqatdan juda charchagandi, boz ustiga 57 yoshli qariyani samolyotda 20 soat parvoz qilishini tasavvur qilavering.

Tayson mehmonxonaga borib joylashdi. 16 noyabr kuni Toshkentda uni bir nechta tadbirlar kutib turardi.

16 noyabr “Temir” Mayk azaliy raqibi Evander Xolifild bilan WBC'ning yillik 61-Konvensiyasi doirasidagi tadbirda ishtirok etdi. Tushklik vaqti bo‘ldi. Ikki afsona ikki xil manzil tomon yo‘l oldi. Evander Xolifild bor tarkib O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasining bazmiga yo‘l olgan bo‘lsa, O‘zbekiston Professional boks federatsiyasi vitse-prezidenti G‘ofur Rahimov boshligidagi Taysonga hamroh guruh Toshkent shahridagi restoranlardan birida milliy taomlardan bahramand bo‘ldi.

Xolifild O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning “Omon yor” va “Jinnuni”lariga raqsga tushayotgan bir paytda, Tayson Toshkentdagi brendlarning reklamalarida ishtirok etgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda videoxabarlar paydo bo‘ldi.

17 noyabr. Ikki boks afsonasi O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasida terma jamoa a’zolari hamda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi. Jahon yulduzlari para sportchilarga va tarbiyalanuvchilarga o‘zlarining og‘ir hayot yo‘li haqida gapirib, hayot sinovlarida bosh egmaslik kerakligini aytib o‘tdi. Hozircha Taysonning Toshkentdagi sayohatlar xronologiyasi ana shunday ko‘rinishda davom etmoqda. “Temir” Mayk va Evander Xolifild bugun “Humo arena”da o‘tkaziladigan profboks oqshomida ishtirok etadi. Bizda hozircha shu. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ sahifalarida kuzatib boring!


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing