Telegram katta yangilanishni taqdim etdi
Texnologiya
−
01 aprel 13126 2 daqiqa
Pavel Durov va uning jamoasi Android hamda iOS uchun Telegram’ning katta yangilanishini o‘tkazdi. Messenjer foydalanuvchilari uchun SI-matn tahrirlovchisi (sun’iy intellekt) va hujjatlarni skaner qilish imkoniyatlari ochildi.
Ilovaga matndagi xatolarni tuzatishga, uning uslubini o‘zgartirishga yoki boshqa tilga tarjima qilishga yordam beradigan assistent qo‘shildi. Shuningdek, u emojilarni ham joylashtirishi mumkin. Bir nechta funksiyalar bepul taqdim etilgan, asosiy qismi esa Premium foydalanuvchilari uchun mavjud.
iOS tizimida telefon kamerasi yordamida hujjatlarni skaner qilish va bir nechta tasvirni yagona PDF-faylga birlashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Telegram’ning rasmiy bo‘lmagan (uchinchi tomon) mijozlaridan foydalanuvchilarning profillarida maxsus ogohlantirish ko‘rinadigan bo‘ladi.
Yana bir funksiya — so‘rovnomalarning global yaxshilanishi bo‘lib, unga birdaniga o‘nta yangilik kiritildi. Ular orasida so‘rovnomani tugatish taymerlarini o‘rnatish, javoblarga mediafayllar yoki joylashuvni qo‘shish, variantlar tartibini tasodifiy qilish va foydalanuvchilarga yangi variantlar taklif qilishga ruxsat berish imkoniyatlari bor.
Endi “jonli” fotosuratlarni (live photos) yuborish mumkin. Buning uchun uch xil uslub mavjud: birinchisi – surat ochilganda jonli tasvirni bir marta ijro etadi, ikkinchisi – uni tinimsiz takrorlaydi, uchinchisi esa oldinga va orqaga aylanma tarzda ijro etadi.
Foydalanuvchilar atigi bir necha bor tugmani bosish orqali o‘zlarining shaxsiylashtirilgan botlarini yaratishi mumkin.
Musiqalarni saqlangan treklar orasidan qidirish, shuningdek, qurilma xotirasidan yoki Telegram’dagi umumiy audioyozuvlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri yuklab olish mumkin bo‘ldi.
Shuningdek, “eslatib o‘tish” va reaksiyalar dizayni qayta ishlandi. So‘rovnomalardagi yangi ovozlar haqidagi bildirishnomalar endi to‘g‘ridan to‘g‘ri chatlar ro‘yxatida paydo bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasi bir nechta davlatda Instagram uchun Instagram Plus deb nomlangan premium-obunani sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi