Telegram 1 apreldan Rossiyada to‘liq bloklanadi

Olam

image

Telegram joriy yil 1 apreldan Rossiyada to‘liq bloklanadi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, RBK va “The Bell” xabar berdi. 

RBKning Kremlga yaqin manbalari bloklash bo‘yicha qaror yakuniy ekanini bildirgan. “The Bell”ning “katta to‘rtlik” mobil operatorlaridan biridagi manbasi esa ularga 1 apreldan Telegram’ni bloklash bo‘yicha “dastlabki qaror” haqida ma’lum qilinganini aytgan.

“Bir yarim oy ichida nimadir o‘zgarishi mumkin, chunki hokimiyatda bu masala bo‘yicha turli fikrlar bor. Ammo hozircha ma’lumot shunday – 1 apreldan to‘liq bloklash bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

“The Bell”ning yana bir manbasi operatorlar allaqachon blokirovkaga to‘sqinlik qilmaslik talabi yozilgan xatni olganini ma’lum qilgan. Jurnalistlar ta’kidlashicha, xuddi shunday talab operatorlarga YouTube sekinlashtirilishi boshlanishidan oldin ham yuborilgan.

“Baza” ma’lumotiga ko‘ra, bloklash “Rossiyaning butun hududida” amal qiladi. RBK maqolasida aytilishicha, aprelga borib Telegram faqat front hududida ishlaydi. Rossiya harbiylari messenjer orqali jangovar harakatlar zonasida muvofiqlashtirish olib boradi, garchi Kreml buni tan olmasa ham Federal xavfsizlik xizmati esa ma’lumotlar Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olinishi xavfi haqida ogohlantirgan.

Telegram qanday ssenariy asosida bloklanishi hozircha aniq emas. RBK manbalari qarorni “so‘nggi paytlarda odamlarni, jumladan, voyaga yetmaganlarni ham noqonuniy harakatlarga jalb qilish holatlari ko‘paygani” bilan izohlagan.  

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durovga nisbatan terrorizmga ko‘maklashish ishi (Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi) bo‘yicha tekshiruv olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bu haqdagi xabarlarni hukumatga yaqin “Rossiyskaya Gazeta“ va “Komsomolskaya Pravda” bir vaqtda e’lon qilgan. Ular messenjer jinoyatlar sodir etishda foydalanilayotganini yozgan. Durov Rossiyada unga nisbatan terrorizm moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilganini tasdiqlab, buni hukumatning Telegram’ni bloklash uchun bahona topishga urinishi bilan bog‘lagan.

“Baza”ga ko‘ra, Roskomnadzor Instagram va Facebook’dagi kabi “messenjerning to‘liq blokirovkasi”ni boshlaydi. Bu ijtimoiy tarmoqlar Meta kompaniyasiga tegishli bo‘lib, Rossiyada “ekstremistik” deb tan olingan. “The Bell” qayd etishicha, “ekstremistik” ssenariy foydalanuvchilar uchun eng yomon variant bo‘ladi, chunki u, jumladan, Rossiyada monetizatsiyani ham istisno qiladi.

Roskomnadzor esa “ilgari e’lon qilingan ma’lumotlarga qo‘shimcha qiladigan hech narsa yo‘qligini” bildirgan. Avvalroq, idora Telegram Rossiya qonunlariga rioya qilmaguncha unga nisbatan cheklovlar qo‘llanilishini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing