Telefondagi nola: Isroil 5 yashar Hind Rajabni o‘ldirganini tan oldi
Olam
−
21:14 1418 2 daqiqa
Isroil Mudofaa armiyasi (SAXAL) 2024 yilning yanvarida G‘azo sektorida harbiylar besh yashar Hind Rajab va uning oilasining olti nafar a’zosi bo‘lgan avtomobilga qarata o‘t ochganini rasman tan oldi. Bu haqda “The Guardian” gazetasi xabar berdi.
Qizcha va uning oila a’zolarining o‘ldirilishi xalqaro hamjamiyatda kuchli g‘azab va norozilik uyg‘otgan. Mashina o‘qqa tutilganidan so‘ng jarohatlangan bola uch soat davomida Qizil Yarim Oy jamiyatining dispetcherlik xizmati bilan aloqada bo‘lib, uni qutqarishlarini so‘rab yolvorgan. Hindni hodisa joyidan olib chiqishga urinish chog‘ida ikki nafar falastinlik tibbiyot xodimi o‘ldirilgan, qizchaning jasadi esa 12 kundan keyin topilgan.
Isroil harbiylari Hind va uning oilasi o‘limiga aloqadorligini bir necha bor rad etgan, biroq o‘tkazilgan mustaqil surishtiruvlar qizchaning o‘limi SAXAL tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida yuz berganini tasdiqladi. Isroil hukumati qotillik fakti bo‘yicha tergov o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Jinoiy tergov boshlanadigan ikkinchi epizod – 2025 yilning martida Rafahda 15 kishining halok bo‘lishidir. O‘shanda Isroil harbiylari chaqiruvga chiqqan va yo‘qolgan hamkasblarini qidirayotgan tez yordam mashinalariga qarata o‘t ochgan. O‘shanda 8 nafar tibbiyot xodimi, 6 nafar qutqaruvchi va BMTning bir nafar xodimi halok bo‘lgan. Isroil harbiylari ularning murdalarini ommaviy qabristonga dafn etgan.
Isroil harbiy prokuraturasi Isroil askarlarining G‘azodagi harakatlariga oid jami 150 ta ishni ko‘rib chiqqan. Ulardan beshtasi bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Harbiylarning ma’lum qilishicha, boshqa uchta holat ular ham shov-shuvli bo‘lishiga qaramay, tergov qilinmaydi, chunki ular “jinoiy huquqbuzarlik sodir etilganida yetarli asos va gumonlarni uyg‘otmagan”.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida tunislik rejissyor Kauter Ben Haniyaning “Hind Rajabning ovozi” badiiy filmi Venetsiyadagi 82-xalqaro kinofestivalda “Kumush sher” mukofotini qo‘lga kiritgandi. Filmda qizchaning shifokorlarga qilgan telefon qo‘ng‘irog‘ining haqiqiy audioyozuvidan foydalanilgan. Filmning ilk namoyishi vaqtida u rekord darajada uzoq davom etgan qarsaklar bilan e’tirof etildi. Qarsaklar 23 daqiqadan ortiq davom etdi va festival rekordini o‘rnatdi.