Texasda toshqin qurbonlari soni 80 kishiga yetdi

Olam

image

AQSHning Texas shtatida kuchli yomg‘irlar tufayli yuzaga kelgan toshqin oqibatida kamida 80 kishi halok bo‘lgan, ularning 28 nafari bolalar. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kecha, 6 iyul kuni oqshom Texasning Kerr okrugi sherifi Larri Litaning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, faqatgina ushbu okrugda tasdiqlangan o‘lim holatlari soni 68 taga yetgan. Ularning 40 nafari kattalar va 28 nafari bolalar. CNN manbalariga ko‘ra, yana beshta okrugda 12 kishi halok bo‘lgan.

Shtatning bir nechta okruglarida favqulodda holat e’lon qilingan. Hududlarda ko‘plab yo‘llar vayron bo‘lgan, telefon liniyalari ishlamayapti. Yana 41 kishi, jumladan 10 nafar qiz bola bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilingan.

Halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan bolalar Kerrvill shahri yaqinidagi Guadalupe daryosi bo‘yida joylashgan Camp Mystic – qizlar uchun mo‘ljallangan yozgi oromgohda dam olayotgan bo‘lgan. Daryo kuchli yomg‘irdan so‘ng to‘satdan toshgan.

Milliy meteorologiya xizmati (NWS) Texas janubiy markazidagi Komal okrugida ham toshqin xavfi haqida ogohlantirish bergan. Xizmat bayonotida aytilishicha, juda sekin harakatlanayotgan momaqaldiroq 1 soati ichida 100-150 mm yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘lmoqda.

NWS halokat zonasiga yaqin joylarda yashovchilarni balandroq hududlarga chiqib ketishga, boshqa fuqarolarni esa imkon boricha tez evakuatsiya qilishga chaqirgan.

“Biz favqulodda va nihoyatda og‘ir vaziyatga duch kelmoqdamiz”, deyiladi NWS ogohlantirishida.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati shtat rahbariyati bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini aytdi. Uning topshirig‘iga binoan, AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Texasga yuborilgan.

Noem Texasga yetib borganidan so‘ng matbuot anjumanida Tramp yuz bergan talafotlardan chuqur qayg‘uda ekanini aytib, uni va Melaniya Trampning hamdardligini yetkazgan. Prezident federal hukumat barcha zarur resurslarni safarbar qilishga tayyorligini bildirgan.

Noemning aytishicha, mahalliy qutqaruvchilar hududni yaxshi bilgani sababli eng samarali kuch hisoblanadi, biroq federal hukumat ularga maksimal yordam ko‘rsatishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Texas shtatida kuchli jala yomg‘iri tufayli yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida kamida 24 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Texas toshqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing