Tehronni evakuatsiya kutmoqda. Eron poytaxti qayerga ko‘chiriladi va bunga kim aybdor?

Olam

image

Eronni g‘ayrioddiy qurg‘oqchilik qamrab oldi. Yirik shaharlarga suv yetkazib beradigan suvomborlarda besh foizdan ham kam suv qolgan. Masalan, mamlakatdagi Tehrondan keyin ikkinchi yirik shahar – Mashhadni suv bilan ta’minlaydigan omborlarda uch foiz yoki undan ham kam darajada suv bor. Vaziyat shu qadar og‘irki, mamlakat Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon “agar qish boshiga qadar yomg‘ir yog‘masa, poytaxtni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi”, deya bayonot berdi. 

Nega bu holat yuz berdi va bunga kim javobgar? “Meduza” bu haqda batafsil tahlil e’lon qildi.

Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Eron so‘nggi 70 yildagi eng quruq kuzni boshdan kechirmoqda. Mamlakatning g‘arbiy qismidagi Zagros tog‘larida yomg‘ir, Tehronga yaqin Tochol tog‘ida qor yoqqaniga qaramay, yog‘ingarchilik hali ham iqlim me’yorining o‘ndan bir qismiga teng, xolos. Mamlakatda bulut ekish boshlangan. Bu – Eronning shimoli-g‘arbida joylashgan Urmiya ko‘li ustida sun’iy yomg‘ir chaqirish operatsiyasi orqali amalga oshirilmoqda. Mamlakatdagi eng yirik ko‘l hisoblanadigan Urmiya jiddiy sayozlashgan, uning katta qismi esa o‘simliklar uchun yaroqsiz, tuz miqdori yuqori bo‘lgan cho‘lga aylanib qolgan.

Ammo muammo shundaki, bulut ekish faqat havoda yetarli namlik bo‘lganda samarali bo‘ladi: sochiladigan reagentlar namlikni kondensatsiyalashga va yomg‘ir tomchilarini shakllanishiga yordam beradi. Eronning aksariyat hududlarida, hatto odatda bulutlar to‘planadigan tog‘larda ham havo juda quruq.

Hech bo‘lmaganda tejamkorlikka erishish uchun Tehronda va boshqa yirik shaharlarda suv uzib qo‘yish jadvali joriy etilgan. Shaharga kelgan sisternalar yonida kilometrlab navbatlar paydo bo‘lmoqda, masjidlarda esa yomg‘ir so‘rab duo qilinmoqda. Suv inqirozi tufayli Eron gidroelektrostansiyalarida elektr ishlab chiqarish hajmi kamaygan. Sanoat korxonalari ham suv tanqisligidan aziyat chekmoqda: sovutish va boshqa texnologik jarayonlar uchun namlik yetarli emas. Qishloq xo‘jaligi ekinlari maydoni qisqargan, bu esa yaqin kelajakda oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keladi.

Hozir Eron iqtisodiy inqirozga yuz tutgan. Har oy oziq-ovqat narxlari oshmoqda. Masalan, bir kilogramm tovuq filesi taxminan 3,5 dollar turadi, o‘rtacha oylik daromad esa 200 dollar atrofida. Mahsulotlar hatto muddatli to‘lov asosida sotilmoqda. Eron hukumati suvni import qilish yoki qo‘shni davlatlardan qarzga olish bo‘yicha muzokara olib borishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Masalan, BAAda suvni sho‘rlanishdan tozalash texnologiyalari mavjud. Biroq sanksiyalar va ko‘plab qo‘shnilar bilan keskin munosabatlar sabab mamlakat faqat juda cheklangan xalqaro yordamga umid qilishi mumkin. 

Mutaxassislar suv inqirozining sabablarini iqlim o‘zgarishi va mansabdorlarning beparvoligida ko‘rmoqda.

Eron platosida yirik daryolar yo‘q. Har tomondan tog‘lar bilan o‘ralgani sababli yog‘ingarchilik ham kam. So‘nggi yillar esa ayniqsa issiq va quruq kelgan. Bunga qishloq xo‘jaligidagi strategik xatolar qo‘shilgan. Eron dehqonchiligi sun’iy sug‘orishga tayanadi va mamlakatdagi toza suvning 90 foizi ana shu sohaga sarflanadi. Eksportbop mahsulotlar – guruch, qandlavlagi, pista yetishtiriladigan yerlarga suv shunchaki sarflab yuboriladi. Uning katta qismi esa yerga singib ketadi yoki bug‘lanadi. Suv inqiroziga minglab artezian quduqlarining tartibsiz qazilishi ham sabab bo‘lgan. Hukumat qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga undash uchun litsenziyasiz qazilgan quduqlarga ruxsat bergan, ammo yerosti suvlarining tugashi tuproq cho‘kishi kabi oqibatlarga olib kelishini hisobga olmagan.

Vaziyatni ko‘plab to‘g‘onlar qurilishi ham og‘irlashtirgan. Ular kam oqimli daryolarning tabiiy oqimini buzibgina qolmay, yuzasi keng bo‘lgan suvomborlarni hosil qilgan. Bu esa suvning tez bug‘lanishiga olib keldi. Achinarli “manzara”ni suv sarfini hisobga olish tizimining yomon yo‘lga qo‘yilgani va iste’mol tariflarining keskin subsidiyalashtirilgani to‘ldiradi.

Natija – qurg‘oqchilik va Eron poytaxtining ko‘chirilishi. Prezident Pezeshkiyonning aytishicha, yangi poytaxt ehtimol mamlakatning janubi-sharqidagi Makron mintaqasida quriladi. U yer Eronning hatto boshqa hududlariga nisbatan ham juda quruq va issiq qumli cho‘l. Ammo Makron dengizga yaqin joylashgan va suvning sho‘rini yuvish orqali muammoni hal qilish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Tehron qurg'oqchilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing