Tehron Rossiya bilan vizasiz rejimga o‘tmoqchi
Olam
−
16 avgust 2023
2981Eron Rossiya bilan vizani butunlay bekor qilishga tayyor. Buning uchun rasmiylarning tegishli qarorlari kutilmoqda xolos. Bu haqda bugun, 16 avgust kuni Eron Islom Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Kozim Jaloliy “Izvestiya” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Mamlakatlarimiz o‘rtasida vizaning to‘liq bekor qilinishiga kelsak, shuni ta’kidlamoqchimanki, Eron Islom Respublikasi bu qadamga – ikki davlat fuqarolarining bemalol sayohat qilishlari uchun vizani bekor qilishga to‘liq tayyor. Tabiiyki, biz mulozimlarimizdan tegishli qarorlarni kutamiz, shundan so‘ng bu choralar tasdiqlanadi va amalda qo‘llaniladi”, deydi diplomat.
Jaloliyning bildirishicha, hozir Rossiya va Eron vizasiz guruhli turistik sayohatlar haqidagi kelishuvni "amalga oshirish yo‘lining eng boshida" turibdi.
“Sayyohlar oqimini ko‘paytirmoqchi bo‘lsak, albatta, qo‘shma aviakompaniyalar tashkil etishga ehtiyoj tug‘iladi. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi reyslar soni cheklangan, ularning sonini sezilarli darajada oshirish kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Jaloliy.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Eron 1 avgustdan boshlab vizasiz turist almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Uning doirasida har ikki davlat sayyohlari 5 dan 50 kishigacha bo‘lgan guruhlarda ikki hafta davomida vizasiz sayohat qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiyaning Ashxoboddagi elchisi Aleksandr Bloxin Moskva Turkmaniston bilan vizasiz rejimga o‘tishga tayyor ekanini aytgandi.
LiveBarchasi