TDTning keyingi sammiti qayerda o‘tkazilishi aytildi

Olam

image

Turkiy davlatlar tashkilotining o‘ninchi yubiley sammiti 2023 yil oktyabr oyida Turkiston shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kecha, 16 mart kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan TDT sammitida aytib o‘tdi. 

“Sizni shu yilning oktyabr oyida muqaddas Turkistonda bo‘lib o‘tadigan TDTning o‘ninchi yubiley sammitida ishtirok etishga taklif qilaman. Qozog‘iston ham shu yilning kuzidan Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qiladi. Ushbu davr mobaynida bir qator muhim tadbirlarni o‘tkazishni rejalashtirganmiz”, deydi To‘qayev. 

Qozog‘iston prezidenti hozir dunyo murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda ekanini ta’kidladi.  

“Mana shunday sharoitda turkiy dunyo hamkorligini mustahkamlash juda muhim. Shu tariqa tashkilotimiz xalqaro maydonda munosib o‘rin egallaganini ko‘rsatmoqda. Mamlakatlarimiz siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kerak. Bu Qozog‘iston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”, deya tushuntirdi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ishtirok etdi. 

Sammit yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi:

1. Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitining Anqara deklaratsiyasi;

2. Turkiy davlatlar tashkilotining fuqaro muhofazasi mexanizmini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror;

3. Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim.


Maqola muallifi

Teglar

sammit Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing