TDTga raislik O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tyapti
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
8926Ertaga, 3 noyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mezbonligida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining X Sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda tashkilotga davriy raislik O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tadi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Sammitda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston Prezidentlari – Ilhom Aliyev, Sadir Japarov, Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, TDT kuzatuvchilari davlat/hukumat rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etishi kutilmoqda.
“Turkiylar davri!” shiori bilan o‘tkaziladigan sammit yig‘ilishi Tashkilotning tig‘iz kun tartibi muhokama qilinadigan, yetakchilar bir qator muhim masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladigan, TDT doirasida iqtisodiyot, savdo, transport va bojxona sohalarida turli kelishuvlar va rasmiy hujjatlarni yakunlaydigan yuqori darajadagi platformaga aylanadi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqadagi va undan tashqaridagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar yuzasidan fikr almashadilar, turli sohalarda a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning asosiy masalalarini ko‘rib chiqadilar.
Tashkilotga raislik O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tadigan Sammit dasturi yakunida davlat rahbarlari qator qarorlar bilan birga Ostona akti va Ostona sammiti deklaratsiyasini imzolaydilar.
Sammit oldidan Ostonada TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilib, sammit kun tartibidagi masalalar va davlat rahbarlari tomonidan imzolanadigan hujjatlar bo‘yicha yakuniy ishlarni amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 2 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqlagan edi.
LiveBarchasi