Tayvanga “Gaemi” tayfuni yopirildi. Qurbonlar bor
Olam
−
25 iyul
4230Xitoyning janubi-sharqiy qirg‘oqlariga yaqin joylashgan Tayvan oroliga “Gaemi” tayfuni kelishi pasttekisliklarda ko‘chki va suv toshqini keltirib chiqardi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.
To‘fon Tinch okeanining g‘arbiy qismini qamrab olgan. Filippinda esa mavsumiy yomg‘irlarni kuchaytirgan. Tayvandagi davlat idoralari va maktablar ikki kunga yopildi. Rasmiylar odamlarni uyda va qirg‘oq chizig‘idan uzoqroqda qolishga chaqirgan.
“Gaemi” to‘foni oqibatida halok bo‘lganlar ayrim manbalarda 2-3 nafarligi, ba’zilarida esa 22 nafarligi keltirilgan. Mamlakat favqulodda vaziyatlar idoralari esa qurbonlar soni 30 kishiga yaqinlashgani, bu raqamlar oshishda davom etayotganini bildirgan. Jarohatlanganlar soni 380 kishidan ortgan.
“Sinxua” axborot agentligi Xitoyning qirg‘oq bo‘yidagi Futszyan provinsiyasida reyslar, poyezdlar va parom qatnovlari to‘xtatilgani, to‘fon yaqinlashgani sababli 240 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilinganini yozmoqda. Nashrga ko‘ra, bo‘ron kuchsizlanishi kutilmoqda, ammo keyingi uch kun ichida bu ichki hududlarga, jumladan, poytaxt Pekinda kuchli yomg‘ir yog‘ishiga olib kelishi mumkin.
Filippinda ham cho‘kishlar va ko‘chkilar tufayli qurbonlar soni ortgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, kamida uch kishi bedarak yo‘qolgan. Filippin Qirg‘oqlarni qo‘riqlash xizmatining xabar berishicha, to‘fon tufayli taxminan 1,4 million litr (370 ming gallon) sanoat mazuti ortilgan neft tankeri Batan provinsiyasidagi Limay shahri yaqinida cho‘kib ketgan. Qutqaruvchilar esa 16 nafar ekipaj a’zosidan 15 nafarini qutqarib qolgan.
Filippin Prezidenti Ferdinand Markos izolyatsiya qilingan qishloqlarga oziq-ovqat va boshqa yordamlarni yetkazish bo‘yicha hukumatga sa’y-harakatlarni tezlashtirishni buyurgan. Filippinda ham idoralar va maktab darslari to‘xtatildi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning sentyabr oyida Tayvanda “Xaykui” to‘foni oqibatida kamida 44 kishi jabrlangandi, o‘n minglab uylar elektr ta’minotisiz qolgandi. 11 shahar va tumanda kamida 7113 kishi evakuatsiya qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida yog‘ingarchilik ortidan kuchli to‘fon yopirilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi