“Tashmore”da dam olish maskani barpo etiladi
Jamiyat
−
04 mart 2021
5343Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov Xitoy Xalq Respublikasining “Linyi Investment Group” kompaniyasi rahbari Chen Min Chi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida viloyatda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan uchta loyihani muhokama qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Davron Hidoyatov O‘rta Chirchiq tumani hududida joylashgan, xalq tilida “Tashmore”, ya’ni “Toshkent dengizi” deb ataluvchi Tuyabo‘g‘iz suvomborida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan dam olish maskani loyihasi bilan tanishdi.
Loyihaning birinchi bosqichida 2,5 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 100 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
“Suv omborining atrofi yozning chillasida oilaviy dam olib, hordiq chiqarish uchun juda qulay. Unda sayyohlar uchun ekoturlar, suv sporti bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratish rejalashtirgan”, deya ta’kidlangan hokimiyat bayonotida.
Uchrashuv doirasida Qibray tumanidagi 36 gektar bog‘da ekoturizm loyihasini ishga tushirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Qibray tumanining Chinobod hududida amalga oshiriladigan ushbu loyihaning qiymati 1 mln AQSH dollari miqdorida bo‘lib, 50 ta ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
Shu bilan birga, investor bilan Yuqori Chirchiq tumanida gazabeton ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish yuzasidan ham kelishib olindi.
Xabarga ko‘ra, xitoylik investor Chen Min Chi tashabbusi bilan “Guding Invest” kompaniyasi tuzilgan bo‘lib, 2 gektar maydonda qurilishi ko‘zda tutilgan loyihani ushbu kompaniya amalga oshiradi.
Gazabeton ishlab chiqarish zavodiga 6 mln dollar miqdorida investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan. Shularning 4 mln bank krediti mablag‘iga to‘g‘ri keladi, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi