Tashkilot va rahbarlar faoliyati baholab boriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. 

Qabul qilinajak qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishish samaradorligiga asoslangan baholashning asosiy mezonlari tasdiqlanadi. 

Baholash mezonlari ijro etuvchi hokimiyat organlari oldiga qo‘yilgan, eng avvalo:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 28 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga murojaatnomasidan;

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hududlarga tashrifi mobaynida berilgan topshiriqlardan;

qabul qilingan me’yoriy-huquqiy xujjatlardan kelib chiqadigan muhim va ustuvor vazifalarni amalga oshirishga qaratilganligi belgilanadi. 

Quyidagi tartib belgilanadi:

ijro etuvchi hokimiyat organlari har yil yanvar oyining 10-sanasigacha mazkur qarorning 2-bandi talablaridan kelib chiqqan holda, o‘z faoliyatining baholash mezonlari bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi organlari tomonidan taqdim etilgan baholash mezonlarini iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini amalga oshirilishi natijadorligi jihatidan tanqidiy ko‘rib chiqadi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ijro etuvchi hokimiyat organlarining baholash mezonini tasdiqlash vakolati beriladi va tegishli me’yoriy xujjat bilan har yilning 20-fevraligacha tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan tizimli monitoring va nazorat,  jumladan Parlament nazorati o‘rnatish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi:

vazifalarni amalga oshirilishi yuzasidan choraklik Vazirlar Mahkamasi Rayosatida ko‘rib chiqish;

Oliy Majlis palatalarida ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining va ular tomonidan maqsadli vazifalarga erishishda amalga oshirilgan choralar bo‘yicha doimiy hisobotlarni eshitish amaliyotini joriy etish  yuzasidan takliflariga rozilik beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasining “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonuniga va boshqa me’yoriy xuquqiy xujjatlarga muvofiq mazkur band ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

ijro etuvchi organlarning baholash mezoni yuzasidan monitoring natijalarini chuqur tahlili asosidagi choraklik ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasiga kiritib borishni;

ijro etuvchi organlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish grafigini bir haftalik muddatda tasdiqlashni ta’minlashi lozim.

Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklanadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Ijro etuvchi hokimiyat

Baholaganlar

9

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing