Tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi
Jamiyat
−
25 iyul 2023
19424Rossiya va Ukrainada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlikka chaqirildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati xabar berdi.
So‘nggi kunlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlar hamda ushbu davlatlar hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan bog‘liq turli xabarlar tarqalmoqda. Shu munosabat bilan agentlik Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga ishlash maqsadida bormaslikni, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154 prim 1-moddasida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanish 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomonidan qurilish ishlariga jalb qilingan o‘zbekistonliklarning pasportlari olib qo‘yilib, Ukrainadagi urushga “ko‘ngilli” sifatida safarbar qilingani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, ularni Ukrainada davom etayotgan urushda qatnashmaslikka va uning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqirgandi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi ham holat yuzasidan ma’lumot berdi.
LiveBarchasi