Tashiyevning tarafdori ozodlikka chiqarildi
Olam
−
14:15 1540 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning tarafdori va yaqin do‘sti Nurg‘ozi Anorqulov tergov hibsxonasidan ozod qilindi. Bu haqda Bishkek shahar Birinchi may tuman sudiga tachnib, “Kaktus.media” xabar berdi.
Aniqlik kiritilishicha, joriy yilning 7 aprel kuni tergov xizmati tergovchisi Nurg‘ozi Anorqulovga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish bo‘yicha iltimosnoma bilan murojaat qilgan va u tuman sudi tomonidan qanoatlantirilgan.
Nurg‘ozi Anorqulov tergov hibsxonasidan ozod qilinib, 2026 yilning 10 iyuniga qadar uy qamog‘iga o‘tkazilgan. U ommaviy tartibsizliklar moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Nurg‘ozi Anorqulov joriy yilning 17 fevral kuni Qozog‘iston bilan chegarada, Qirg‘izistonga kirib kelayotgan paytda qo‘lga olingan edi. Bundan tashqari, 2021 yil yanvar oyida Qirg‘iziston Prezidenti apparati axborot siyosati bo‘limi mudiri lavozimida ishlagan Nurg‘ozi Anorqulov MXDQ tomonidan juda yirik miqdorda pora talab qilishda ham gumonlanib ushlangan. Tergov talqiniga ko‘ra, u xizmat mavqeidan foydalanib, yuqori davlat lavozimiga da’vogar shaxsdan tayinlovda yordam berish evaziga pul talab qilgan, shundan so‘ng egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi. Bir muncha vaqt o‘tgach, u uy qamog‘iga qo‘yib yuborilgan.
Joriy yil 10 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qilgan edi. O‘shandan beri MXDQning bir qator sobiq yuqori martabali rahbarlari qo‘lga olindi, ayrimlari esa ishdan bo‘shatildi. Jo‘g‘o‘rqu Keneshning to‘qqiz nafar deputati, jumladan, Qamchibek Tashiyevning ukasi Shoirbek Tashiyev mandatini topshirdi. Keyinroq u “Qirg‘izneftgaz” korxonasi faoliyati bilan bog‘liq korrupsiya ayblovi bilan hibsga olindi. Maxsus xizmatning sobiq rahbari hozircha so‘nggi voqealarga izoh bergani yo‘q.
Live
Barchasi