Tashiyev ishtirokidagi yig‘ilishda 24 nafar amaldor qo‘lga olindi
Olam
−
26 Sentabr 2025 15711 2 daqiqa
Joriy yilning 24 sentyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev ishtirokidagi yig‘ilishda vazirlik va idoralarning rahbarlari hamda vakillaridan iborat 24 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilish mavzusi Chuy viloyatida, Qozog‘iston bilan chegaradagi “Chaldovar-avtomobil” nazorat-o‘tkazish punktidagi vaziyat bo‘lgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, u yerda yirik korrupsiya sxemasi fosh etilgan.
Aniqlanishicha, Soliq xizmati, Veterinariya va fitosanitariya xavfsizligi davlat inspeksiyasi, Transport vazirligi huzuridagi Og‘irlik va o‘lchash nazorati inspeksiyasi xodimlari, shuningdek, Chegara xizmati harbiylari tovarlarni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlaridan noqonuniy olib kirishni uyushtirgan. Buning uchun ular kiritilayotgan tovar hajmi va qiymati haqidagi haqiqiy ma’lumotlar o‘zgartirilgan soxta hujjatlardan foydalangan.
“Ushbu sxemaga Chaldovar qishlog‘i mahalliy kengashi deputati va O‘zbekiston fuqarosi aloqador. Ular “TD Jorgo” va “Radiant” MCHJlarini ro‘yxatdan o‘tkazib, EOII davlatlaridan tovarlarni soxta hujjatlar bilan noqonuniy olib kirgan. Bu shaxslar muntazam ravishda ko‘rsatilgan davlat organlari xodimlariga kontrabandani yashirish uchun “M-Bank” internet-hamyonlari va naqd pul orqali pora berib turgan”, deyiladi qo‘mita axborotida.
Mahalliy deputat va O‘zbekiston fuqarosi joriy yilning 18 sentyabr kuni qo‘lga olingan. Ular Soliq xizmatining yetti xodimi, Chegara xizmatining olti harbiy xizmatchisi, Fitosanitariya xizmatining yetti xodimi va Og‘irlik-o‘lchash nazorati inspeksiyasining to‘rt xodimi korrupsiyaga aloqadorligini tasdiqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, “o‘rtakashlar” kontrabanda yukining haqiqiy egalari bilan kelishib, har bir fura uchun 1,5-2 ming dollar olgan. Davlat organlari mansabdorlari esa mukofot sifatida 5 mingdan 7 ming somgacha pul olgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, “Chaldovar-avtomobil” punktidan davlat organlari xodimlari har kuni 80 ming som yig‘ib kelgan. Respublika byudjetiga millionlab zarar yetkazilgan.
Tashiyevning aytishicha, xuddi shunday korrupsiya holatlari Chuy viloyatidagi “Aq-Jol – avtomobil” va “Aq-Tilek – avtomobil” nazorat-o‘tkazish punktlarida ham kuzatilgani haqida ma’lumotlar tushmoqda.
MXDQ rahbari barcha aybdorlarni ishdan bo‘shatishni, ularning mol-mulkini hibsga olishni, sxemaga aloqador shaxslarni aniqlash uchun keng qamrovli tergov harakatlarini o‘tkazishni va ularni hibsga olishni buyurgan. Shuningdek, davlat organlari rahbarlarining egallab turgan lavozimlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ham tegishli taqdimnomalar kiritilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyevning Chuy viloyatiga yuqorida aytilgan amaliy tashrifi chog‘ida Transport va kommunikatsiyalar vazirligi rahbariyatini keskin tanqid qilib, vazirlik tarkibidagi korrupsiyaga oid ayblovlar tasdiqlansa, jazolanishi, jumladan, qamoq jazosi bilan tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025