Tashiyev fohishaxonaga boradigan amaldorlarni fosh qilishga va’da berdi
Olam
−
30 noyabr 2023
18606Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev fohishaxonalarga borib, intim xizmatlardan foydalanayotgan deputatlar va amaldorlarni ko‘rsatishga va’da bermoqda. Bu haqda “24.kg” yozdi.
U, qanday lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar – ular Jogorku Kenesh deputati, davlat arbobi yoki tadbirkormi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ularning yuzlarini oshkor qiladi, deb tahdid qilgan.
Tashiyevning qo‘shimcha qilishicha, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi fohishaxonalarga kimlar borib, eskort qizlar xizmatidan foydalanishini aniqlagan. Unga ko‘ra, aniqlangan shaxslar orasida Jogorku Kenesh deputatlari, sobiq deputatlar, deputatlarning yordamchi va maslahatchilari, amaldorlar, tadbirkorlar, davlat va jamoat arboblari bor.
“U yoki bu amaldor, tadbirkor, deputat bunday ishlarga aloqadorligini ko‘rsatamiz. Men hammani ogohlantiraman, shunda biz bunday holatlarga qarshi kurasha olamiz”, deydi maxsus xizmat rahbari.
Qamchibek Tashiyevga ko‘ra, mamlakatda qirg‘iz ayollarining intim xizmatlaridan hech kim foydalana olmaydi.
Nashrning ma’lum qilishicha, avvalroq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi Bishkek va Chuy viloyatida karaoke klublari niqobi ostida fohishaxonalar faoliyat yuritayotgani haqida xabar bergan.
Qirg‘iziston Ombudsman instituti davlat idoralarini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan fohishaxonalarda aniqlangan ayollar huquqlariga rioya etilishini ta’minlashga chaqirdi. Ayollarning fotosuratlarini chop etish va shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish ularning qonun bilan belgilangan huquqlarini buzish ekanligini eslatdi.
LiveBarchasi