Tartibsizliklar Qozog‘istonga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image
Qozog‘istonda joriy yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklar oqibatida ko‘rilgan zarar 313,6 million dollarga baholanmoqda. Bu haqda "Interfaks" xabar berdi. 
 
Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish agentligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat organlariga yetkazilgan zarar 54,6 milliard tenge (125,1 million dollar)ni, 1923 ta tadbirkorlik ob’ektiga yetkazilgan zarar 82,2 milliard tenge (188,4 million dollar)ni tashkil qilgan. 
 
Butun mamlakat bo‘ylab tartibsizliklar paytida 351 ta ob’ekt, jumladan 45 davlat binosi va 306 tijorat ob’ekti zarar ko‘rgan. Sakkizta hudud: Olma-ota va Chimkent shaharlari, shuningdek, Olma-ota, Jambil, Qizilo‘rda, Atirau, Aqto‘be va Sharqiy Qozog‘iston viloyatlarida binolar zararlangan. 
 
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar ko‘rgan binolarni ta’mirlash va tiklashning umumiy qiymati 28,8 milliard tenge (66 million dollar)ni tashkil etadi. Ularning orasida Qozog‘iston rahbarining Olma-otadagi qarorgohini tiklash uchun ketadigan xarajatlar yo‘q. Bino Prezident ma’muriyati tomonidan restavratsiya qilinadi.
 
Qozog‘istonda namoyishlar 
 
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    
 
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    
 
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  
 
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
 
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
 
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
 
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
 
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
 
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

262

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing