Tarixiy sammit: Putin G‘arb izolyatsiyasidan chiqdimi?

Tahlil

Jangovar samolyotlar, qizil gilam va devorga ilingan “Tinchlikka intilish” shiori ostida AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 15 avgust kuni Alyaskada Rossiya rahbari Vladimir Putinni sammitda kutib oldi. Biroq uchrashuv kutilmagan tarzda tugaganidan so‘ng uning natijalari mutlaqo noaniq qoldi.

Uch soatga yaqin suhbatdan keyin ikki rahbar ham jurnalistlar oldiga chiqib, “ilgari surilgan qadamlar” haqida gapirdi. Biroq ular rejalashtirilgan matbuot anjumanini natijalarni ochiqlab bermasdan tark etdi.

Bir narsa esa aniq edi: hech qanday kelishuvga erishilmadi. Tramp sammit tugagunga qadar “otashkesim” bo‘lishini istaganini aytgandi, ammo u hozir bundan juda uzoq edi va tobora bu mas’uliyatni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning zimmasiga qo‘ydi: “Kelishuvga erishishi kerak”.

“Biz ko‘p-ko‘p masalalarda kelishdik – ko‘pchiligi, deb ayta olaman. Bir nechta katta masalalar borki, ularda hali kelishmadik, lekin bir qadam olg‘a siljidik. Kelishuv — bitm imzolangunga qadar kelishuv emas”, dedi Tramp matbuot anjumanida, Putindan keyin so‘zga chiqib. 

Prezidentlar bir-birini Elmendorf havo bazasida kutib olayotgan bir vaqtda Ukrainada Rossiya dronlari va samolyotlari haqida ogohlantirish sirenalari eshitilgandi – bu Putinning urushi davom etayotganidan darak edi, hatto Tramp uni AQSH zaminida izzat-ikrom bilan kutib olayotgan paytda ham.

Siljish bor, ammo kelishuv yo‘q

Har ikki Prezident ham uch soatlik uchrashuvni noaniq ifoda bilan tavsifladi.

“Biz juda samarali uchrashuv o‘tkazdik, ko‘p masalalarda kelishuvga erishdik. Faqat juda ozginasi qoldi. Ayrimlari muhim emas. Birtasi eng muhim, ammo biz unda ham kelishish imkoniyatiga egamiz. Hali yetib bormadik, ammo katta imkoniyat bor”, dedi Tramp jurnalistlarga.

Sammitdan keyin Trampdan “Fox News”ga bergan intervyusida Rossiyaga yangi hududlar berilishi va Ukraina uchun AQSH xavfsizlik kafolatlari haqida so‘raldi.

“Bu masalalar – biz muzokara qilgan masalalar. Ular bo‘yicha asosan kelishuvga erishdik”, dedi Tramp, izoh bermasdan. Uning ta’kidlashicha, Ukraina “buni qabul qilishi kerak”. Zelenskiyga qanday maslahat berasiz, degan savolga esa Tramp: “Kelishuv qilishi shart”, deb javob qaytardi.

Uchrashuvlardan oldin, muvaffaqiyatsiz natijalar qanday ko‘rinishini tasavvur qilish oson edi, muvaffaqiyatli natijani esa aniqlash qiyin edi. 

Tramp agar Putin aytganlaridan qoniqmasa, “ketib qolishini” va’da qilgan, qo‘shma matbuot anjumanini shaxsiy chiqishga aylantirish bilan tahdid qilgan va agar urush to‘xtamasa, Moskva uchun “qattiq” oqibatlar bo‘lishini aytgan edi. Biroq Ankorijga uchib ketayotganda Tramp “muvaffaqiyat qanday ko‘rinishini bilmasligini” aytgandi – u faqat ko‘rganda tan olishini aytdi.

Aniq bo‘lib chiqdiki, sammit tugagandan keyin ham muvaffaqiyatni aniqlash sammit boshidagidek qiyin bo‘lib qolmoqda.

Tramp: ehtimoliy Putin-Zelenskiy uchrashuvida ishtirok etaman

“Fox News”ga intervyusida Tramp Putin ham, Zelenskiy ham uni ehtimoliy ikkinchi uchrashuvda ko‘rishni istashini bildirdi — sammitdan oldin ham u buni o‘zining “asosiy maqsadi” deb aytgan edi.

“Ikkalasi ham meni u yerda bo‘lishimni xohlayapti va men bo‘laman”, dedi Tramp.

Tramp matbuot anjumanida uch tomonlama uchrashuv haqida gapirmadi, faqat “aloqa qilish lozim bo‘lgan turli odamlar bilan”, jumladan, Zelenskiy bilan ham telefon orqali bog‘lanishini bildirdi. U va Putin savollarga javob bermasdan sahnadan chiqib ketishdi. 

Shoirona tarzda o‘tgan sammit aniq natijalarsiz yakunlandi, ammo u baribir Putinni diplomatik maydonga qaytargandek ko‘rsatdi. Barcha izzat-ikrom va protokollarga qaramasdan, sammit boshidanoq Trampning missiyasi qanday qiyin bo‘lishi yaqqol namoyon bo‘ldi. Biroq sammit davomida tilga olingan yagona kelgusi uchrashuv ehtimoliy yana Putin bilan bo‘lishi mumkin.

“Juda tez orada siz bilan gaplashamiz, ehtimol, yana ko‘rishamiz”, dedi Tramp.

“Keyingi safar Moskvada”, deb javob qaytardi Putin ingliz tilida — bu Zelenskiyni muzokaradan chetda qoldirishni anglatgandek bo‘ldi.

Putinning “muzdan chiqishi”

AQSHga yetib kelganidan so‘ng Putinning Tramp limuzini oynasidan tabassum bilan qarashi hammasini aytdi: bir necha yillik G‘arb izolyatsiyasidan keyin u yana G‘arbning eng kuchli mamlakatiga kirdi.

Putin so‘nggi bor 10 yil oldin AQSHda bo‘lgandi va katta prezidentlik sammitiga undan ham avval chaqirilgandi. 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirgandan so‘ng Rossiya rahbarini ko‘plab G‘arb davlatlari rad etdi, Xalqaro jinoiy sud esa hatto uni hibsga olish buyrug‘ini chiqardi. (Alyaska sammit uchun qulay joy edi, chunki AQSH XJS a’zosi emas).

Ammo Putinning izolyatsiyasi Ankorijga qo‘ngan ondan tugadi. Qizil gilamli kutib olish, jangovar samolyotlar parvozi va AQSH Prezidentining chapaklari bilan Trampning yuborgan xabarini hamma angladi: Putin yana sahnaga qaytdi. Rossiya televideniyesida ularning tabassumli qo‘l siqishi “tarixiy qo‘l berib ko‘rishish” sifatida ko‘rsatildi.

Putin hali ham Yevropa davlatlarining ko‘p joylarida qabul qilinmaydi, ammo Tramp uning huzurida bo‘lishi har qanday diplomatik boykot urinishlarini zaiflashtirdi. Bu Putin Trampning zirxlangan mashinasiga kirgan paytda yanada aniq bo‘ldi. Bu noodatiy ishora bir zumda Rossiya rahbarining global diplomatiyaga qaytish ramzi bo‘ldi. Katta natijalarsiz ham bu unga g‘alaba edi.

Yordamchilar qo‘shildi

Tramp yetib kelishi bilan kutilmagan yangilik ma’lum bo‘ldi: endi u Putin bilan faqat tarjimonlar ishtirokida ikkilamchi uchrashuv o‘tkazmaydi. Bundan tashqari, har ikki tarafdan ikkidan yordamchi ham qatnashadi.

Oldinroq Oq uy bu sammit tarkibida yakkama-yakka qism bo‘lishini aytgandi. AQSH rasmiysi bu kech qaror bo‘lganini, ammo sababini ochiqlamaganini bildirdi.

Trampning birinchi muddatdagi Putin bilan bo‘lgan yakkama-yakka uchrashuvlari ko‘pincha sir bilan qoplangan bo‘lardi. Faqat tarjimon ishtirok etgani uchun nimalar muhokama qilingani hamisha noaniq qolardi. Ayrim hollarda hatto yordamchilari ular nimani kelishishganini tushunib yetishga qiynalishgan. Germaniyadagi uchrashuvdan keyin Tramp hatto tarjimonidan yozuvlarini yo‘q qilishini so‘ragan edi.

Kechagi uchrashuvda ikki yordamchi qo‘shilishi –Davlat kotibi Marko Rubio va AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff – keyingi kunlarda aniqroq ma’lumot berish imkonini yaratishi mumkin, ayniqsa agar Rossiya AQSHdan farqli hisobot taqdim etsa.

Biroq shunday bir lahza bo‘ldiki, uni faqat Tramp va Putingina eslay oladi: ularning Prezident limuzinidagi qisqa safarlari. U yerda faqat ular va Xavfsizlik xizmatlari xodimlari bor edi – maslahatchilar yoki tarjimonlar emas. Shu bois ularning qisqa suhbati mazmuni faqat o‘zlariga ma’lum.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Alyaska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing