Tarixiy kun: Samarqand-2028 sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirildi (video)
Jamiyat
−
05 avgust 13214 2 daqiqa
Bugun, 5 avgust kuni STAR.VISION kompaniyasi tomonidan Xitoyning Shandun provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz start platformasidan Samarqand-2028 va Lampung-1 giperspektral sun’iy yo‘ldoshlari muvaffaqiyatli uchirildi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xalqaro kosmik loyihalardan biri bo‘lib, milliy kosmik dastur rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida “O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari tomonidan sun’iy yo‘ldosh borti uchun maxsus sun’iy intellekt moduli ishlab chiqilgan. Ushbu texnologiya giperspektral ma’lumotlarni bevosita orbitada qayta ishlash imkonini berib, ma’lumotlarni uzatish va tahlil qilish samaradorligini oshiradi.
Vazirlikka ko‘ra, Samarqand-2028 missiyasi qishloq xo‘jaligi, ekologiya, tabiiy resurslarni monitoring qilish, suv resurslarini boshqarish, favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kosmik texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Sun’iy yo‘ldoshga Samarqand-2028 nomi berilishi ramziy ahamiyatga ega. Ushbu nom 2025 yilda Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressida (IAC) qabul qilingan qaror bilan 2028-yilgi kongress Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilanganiga ishora qiladi.
Fazoga uchirish jarayonini to‘liq quyidagi havolalarda tomosha qilishingiz mumkin:
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishuvi bo‘lib o‘tgandi. Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish loyihasi ham ko‘rib chiqilgan edi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028 yilda “Mirzo Ulug‘bek” nomli 6U formatdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish taklif qilingandi.
Shuningdek, taqdimot davomida davlat rahbarining tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangandi. Bundan tashqari, 2028 yilda Samarqand shahrida kosmos bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazish masalalariga ham to‘xtalib o‘tilgan. Mazkur uchirilgan Samarqand-2028 sun’iy yo‘ldoshning nomi esa mana shu tadbir sharafiga nomlargan.
Live
Barchasi