Tarixda ilk bor Italiyaning 27 shahrida qizil ogohlantirish e’lon qilindi

Olam

image

Bugun, 5 avgust kuni Italiyada yoz mavsumidagi to‘rtinchi jazirama to‘lqini kuchayishi ortidan mamlakatning barcha 27 yirik shahrida issiq bo‘yicha eng yuqori – qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qizil ogohlantirish uzoq davom etadigan o‘ta yuqori harorat tufayli butun aholi salomatligi uchun jiddiy xavf yuzaga kelishini anglatadi. Bugun, 5 avgust kuni 25 shahar qizil ogohlantirish ostida bo‘lgan bo‘lsa, ertaga, 6 avgust kuni yana ikki shahar ushbu ro‘yxatga qo‘shiladi.

Shu tariqa, joriy yilda ilk bor Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi kuzatuvidagi barcha 27 shaharda eng yuqori darajadagi issiq bo‘yicha ogohlantirish amal qiladi. Jumladan, Turin, Bolsano, Milan, Genuya, Venetsiya, Verona, Triyest, Bolonya, Florensiya, Perujiya, Rim, Neapol, Ankona, Peskara, Bari, Kampobasso, Redjo-Kalabriya, Palermo, Kalyari, Kataniya, Messina, Breshia, Chivitavekkya va boshqa shaharlarda qizil ogohlantirish e’lon qilingan.

Bildirilishicha, ayrim hududlarda havo harorati 40 darajaga yaqinlashgani sabab fuqarolarga soat 11:00 dan 18:00 gacha quyosh ostida bo‘lmaslik, imkoni qadar salqin joylarda qolish va kuniga kamida 1,5 litr suv ichish tavsiya etilgan. Shuningdek, gazlangan ichimliklar, qahva va spirtli ichimliklardan voz kechish, og‘ir ovqat iste’mol qilmaslik hamda bolalar va hayvonlarni avtomobilda qarovsiz qoldirmaslik so‘ralgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlardagi jazirama kamida to‘rt kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, qurg‘oqchilik kuchayib, Pemont va Lombardiyadagi 100 dan ortiq shaharda ichimlik suvi taqchilligi yuzaga kelgan. Fermerlarning aytishicha, kuchli issiq hosildorlikni pasaytirib, sut ishlab chiqarishni ham 10 foizga kamaytirgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi tufayli Yevropadagi jazirama to‘lqinlari tobora uzoqroq davom etadigan va kuchliroq tus olmoqda.

Ma’lumot uchun, qizil ogohlantirish ob-havo bilan bog‘liq xavfning eng yuqori darajasi bo‘lib, u uzoq davom etadigan o‘ta yuqori harorat insonlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi kutilayotgan holatlarda e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada joriy yil boshidan buyon yuqori haroratlar oqibatida qariyb 10 ming kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing