Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibi bilan yuzma-yuz muzokara o‘tkazdi
Jamiyat
−
15 mart
4271Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Nyu-York shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, uchrashuv mobaynida O‘zbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Xususan, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, ekologik muammolar, jumladan Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish masalalariga e’tibor qaratilgan.
Unda O‘zbekistonning BMT bilan o‘zaro aloqalari tobora kengayib borayotgani, iqtisodiyot, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, madaniyat va ta’lim yo‘nalishlaridagi hamkorlikning samarali natijalari alohida qayd etilgan.
"O‘zbekiston BMT doirasida jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa qo‘shayotgan tashabbuslarni ilgari surib kelayotgani qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik, ekologiya, inson huquqlarini himoya qilish, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan BMT Bosh Assambleyasining 7 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan", deyiladi manbada.
Qolaversa, Guterrish Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holatida O‘zbekistonning muhim roliga, mamlakatlar barcha sohalarda jadal hamkorlik qilayotganiga alohida to‘xtalib o‘tgan.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashabbuslarini xalqaro maydonda ilgari surish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga doir aniq takliflarni qo‘llab-quvvatlashda BMT bilan konstruktiv hamkorlik yuzasidan fikr almashilgan. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va BMT o‘rtasida barcha sohalarda o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tanzila Norboyeva Nyu-York shahridagi BMT Bosh qarorgohida Markaziy Osiyo mintaqasi va Ozarbayjon nomidan so‘zga chiqqani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi